Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari bayrami Samarqandda nishonlandi
18 aprel - O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni.
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va uning hududiy boshqarmalari rahbarlari, soha xodimlari bu yil kasb bayrami munosabati bilan Samarqandda jam bo‘ldi.
Dastlab, vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar rahbarlarining kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda vazirlik tomonidan 2018 yilda amalga oshirilgan ishlar tahlil etilib, joriy yil uchun belgilangan ustuvor vazifalarning ijrosi muhokama etildi.
Tadbir ishtirokchilari Samarqand viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi faoliyati, jumladan, Samarqand shahrida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishib, o‘zaro tajriba almashdi.
Shundan so‘ng Samarqand shahridagi yoshlar markazida O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri M.Saliyev, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov soha hodimlarini kasb bayrami bilan tabriklab, mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi.
Tadbirda bu yil ilk bor ta’sis etilgan “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan bir guruh xodimlarga ushbu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi. Vazirlik tizimida mehnat qilayotgan 300 nafar ishchi-xodimlar joriy yilda mazkur ko‘krak nishoniga munosib deb topildi.
Shuningdek, marosimda samarqandlik bir guruh soha vakillari viloyat hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tantanali marosimda yurtimiz san’at ustalari va yosh ijrochilar tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.