Uylarni loyiha bilan isitib bo‘lmaydi
Ikki yil ilgari Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarni isitish tizimlarini modernizatsiya qilish maqsadida Jahon banki tomonidan 30 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilgan edi. Bu mablag‘ hisobidan viloyat "Issiqlik manbai" davlat unitar korxonasiga qarashli markaziy qozonxonani ta’mirlash, 54 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan So‘g‘diyona, Sartepa massivlari, shuningdek, kichik tuman (mikrorayon)da joylashgan 384 ta ko‘p qavatli uy hamda 22 ta ijtimoiy soha ob’yekti isitish tizimi hamda issiq suv tarmoqlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan bo‘lib, bu ishlar 2024 yil oxiriga qadar yakunlanishi ko‘zda tutilgan.
- Bir vaqtlar markaziy qozonxona orqali 400 ga yaqin ko‘p qavatli uy isitilgan bo‘lsa, hozirda shaharning O.Mahmudov, Lohutiy ko‘chalarida, shuningdek, Samarqand teri tozalash zavodi hududlaridagi 4 ta kichik qozonxona orqali bor-yo‘g‘i 22 ta ko‘p kvartirali uylar isitilmoqda, - deydi "Issiqlik manbai" DUK uchastka boshlig‘i Rajab Hasanov. – Ayni vaqtda markaziy qozonxonaga qarashli qozonlar va issiqlik tarmoqlari to‘liq ta’mirlanmoqda. Unga ulangan 318 ta ko‘p qavatli uyda issiqlik uzatish punktlari qurilib, quvurlar almashtirilmoqda.
Shaharning Saxovat mahallasida 11 ta ko‘p qavatli uy va 12 ta xususiy hovli mazkur tarmoqqa ulangan bo‘lishiga qaramasdan, aholi uylari isitilmaydi.
- Qator yillardan buyon uyimizda isitish tarmoqlari ishlamaydi, - deydi mahalla raisi Muhammadali Mamatqulov. – Shuning uchun ko‘pchilik issiqlik tarmoqlarini olib tashlagan. Aholi tabiiy gazda ishlovchi yoki zamonaviy elektr pechlaridan foydalanadi. Hovlidagilar esa o‘tin va ko‘mir bilan uy isityapti.
Mahalla markazi yonida joylashgan 36-ko‘p qavatli uyning 12 kvartirasida I guruh nogironlari T.Muxtorov va U.Naymanovalar yashaydi. Ularning xonadoni birinchi qavatda bo‘lgani va yerto‘ladagi namlik tufayli xonalari zaxlab, devorlari mog‘orlab ketgan.
- Uyimiz 15-20 yildan buyon isitilmaydi, - deydi U.Naymanova. – Har yili sovuq kunlar tushishi bilan azob boshlanadi. Turli yo‘llar bilan xonalarni isitishga harakat qilamiz. Hozirda turmush o‘rtog‘imning salomatligi yaxshi emas. Ikkalamizning ham ko‘zimiz ko‘rmaydi, uydan tashqariga chiqolmaymiz.
Ko‘p qavatli uylarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, uylardan birining yerto‘lasida bir guruh ishchilarning mehnat qilayotganini ko‘rdik. Ular bizga barcha uylarning yerto‘lalarida issiqlik tarqatish punktlari (ITP) uchun maxsus joy tayyorlashayotganini ta’kidlashdi.
- Mazkur mahalladagi barcha uylarning yerto‘lalariga issiqlik uzatish punktlari (ITP) o‘rnatishimiz kerak, - deydi "Elit grant" MChJ rahbari Bahodir Umirzoqov. – Ishchilarimiz bilan 15 ta ko‘p qavatli uyning tarmoqlarini ta’mirlashni o‘z zimmamizga olganmiz. Kuniga 5 tadan ITP o‘rnatyapmiz. Lekin xonadon egalari devorni teshib, tarmoq tortishimizga qarshilik qilmoqda. Ular markaziy issiqlik tizimlari o‘rnatishni istamayapti.
Bunday holatni Bahor, Shodlik, Tojmahal, Marhabo mahallalaridagi 63 ta ko‘p kvartirali uylarda ham ko‘rish mumkin. Ulardagi isitish tizimlari yo‘q bo‘lib ketganiga ham qariyb 20 yildan oshgan.
- Markaziy qozonxona o‘z faoliyatini to‘xtatgach, ko‘pchilikda bundan keyin isitish tizimi ishlamas ekan, degan fikr paydo bo‘ldi, - deydi Marhabo mahallasida yashovchi Qahhor Sobirov. – Deyarli barcha uyidagi cho‘yan batareyalarini kesib, sotib yubordi. Xonalarni oshxonadagi tabiiy gaz plitalari orqali isita boshladik, gaz bo‘lmay qolsa, elektr isitkichlardan foydalandik. Hatto “burjuyka” o‘rnatib, o‘tin yoqqan kunlarimiz bo‘ldi. Bir haftadan buyon xontaxtani “tancha”ga aylantirib, atrofida o‘tirib, jon saqlayapmiz.
“Issiqlik manbai” DUKga qarashli Lohutiy ko‘chasidagi qozonxona 2 ta ko‘p qavatli uyda joylashgan 66 ta xonadonga xizmat ko‘rsatadi. Ikkita qozondan bittasi ishlab turibdi. Uylar bir maromda isitilyapti. Biroq shu uylarda yashovchi aholining fikri boshqacha bo‘ldi.
- Kunlar ilisa, gaz ko‘payadi shekilli, uyimiz ham isib qoladi, - deydi 63 "A" uyda yashovchi Valentina Mosina. – Agar sovuq boshlansa bormi, batareyalar sovib ketadi. Yana qo‘shimcha pechkalarni ulashimizga to‘g‘ri keladi. “Dom”imizdagi 4 yo‘lakda joylashgan kvartiralar umuman isimaydi.
- Sovuq kunlari bir hafta davomida hududimizda gaz bosimi pasayib ketdi, - deydi qozonxona operatori Erkin Qo‘ldoshev. – Bor gazga bitta qozonni yoqib, uylarni isitishga harakat qildik. Uydagilar esa ikkinchi qozonni ham yoqishimizni talab qilishmoqda. Buning iloji yo‘q. Chunki ikkinchi katta qozon kuchli gaz bosimida ishlaydi.
2020 yilda Mustaqillik mahallasining Alisher Navoiy ko‘chasidagi 15, 16 "A", Kurchatov ko‘chasida 1 "A", 22, Mironshoh ko‘chasidagi 1 "A" uylarni isitish uchun zamonaviy qozonxona o‘rnatilgan bo‘lsa-da, haligacha ishlatilmagan. Tarmoq uylarning yerto‘lasigacha tortilib, asosiy tizimga ulangan. Lekin uylar egalari undan foydanmayapti.
- Vagon - qozonxona olib kelib o‘rnatishganida uylarimiz isib, ko‘rgan qiyinchiliklarimiz ortda qoladi, deb xursand bo‘lgan edik, - deydi uyboshi, nafaqaxo‘r Tohir Asadov. – Biroq unday bo‘lmadi. Ishchilar kelib, har bir uyning yerto‘lasiga ITP o‘rnatishdi. Ammo uylarda yashovchilarning fikri bir joydan chiqmayapti. Kimdir tortamiz desa, yana kimdir kerak emas, chiroyli uylarimizni buzib, teshib tashlashadi deyishmoqda. Imkoniyati bo‘lganlar xonadonlarini zamonaviy gaz va elektr pechkalar yordamida isityapti. Boshqalar esa gaz plitalardan foydalanmoqda.
Rejalashtirilgan ishlarni amalga oshirish cho‘zilib ketayotganga o‘xshaydi. Xo‘sh, bu loyihalar yakunlanishiga yana ikki yil bor ekan, aholi sovuq kunlarda o‘z xonadonlarini qanday qilib isitmoqda? Jahon banki pulini to‘lab qo‘ygan bo‘lsa, loyihalarni muddatidan oldin amalga oshirishning iloji yo‘qmikin? Soha mutasaddilari qahraton sovuqda odamlar ko‘p qavatli uylarda qanday jon saqlab kelayotgani bilan qiziqarmikan?
Bu kabi javobi yo‘q savollar juda ko‘p. Odamlar kunlar isib ketsa, yaxshi bo‘lib ketadi, degan ilinj bilan yashayotganligi bor gap. Lekin qish endi boshlandi, bahorgacha yana uch oy bor...
Dilmurod To‘xtayev.