Uzoq gapirilgan, ammo endi amalga oshayotgan turizm turi daromad keltiradimi?
Samarqand shahridagi tarixiy obidalar ziyorati tomoshasidan keyin xorijlik mehmonlarni shaharning yashil belbog‘i sanalmish Samarqand tumanidagi yashilliklar va tabiat qo‘ynida dam oldirishni tashkillashtirish haqida soha vakillari uzoq vaqtdan beri gapiradi. Tuman hokimligi tomonidan o‘tkazilgan press-turda jurnalistlarga mazkur hududdagi turizm maskanlari namoyish etildi.
Aytish kerak, yaqin yillarda Samarqand tumanida yirik ekoturistik hududlar, jumladan «Konigil» turizm qishlog‘i, shuningdek «Oqbo‘yra garden» dam olish maskani tashkil etildi.
- Ushbu maskan 2020 yilning oktyabr oyida tashkil etilgan bo‘lib, dam oluvchilar Ohalik tog‘ yon bag‘rida bahavo maskanda dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan, - deydi tadbirkor Ilhom Nurullayev. - Ushbu hudud oromgohlar, dam olish uchun shiyponlar, suzish havzasi hamda bolalar uchun o‘yin maydonchasi kabilarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, ochiq havoda mehmonlar uchun turli konsertlar va shou-dasturlar tashkil etiladi.
Zamon standartlariga javob beradigan loyihaning umumiy qiymati 10 milliard so‘mdan ortiq. Hududga tashrif buyuruvchilar tog‘ manzarasidan bahramand bo‘lishi hamda piyoda yoki otda sayr qilishlari mumkin. Ekoturizmni rivojlantirish uchun tashkil etilgan ushbu maskanni kengaytirish harakatidamiz.
Yozning jaziramasida ushbu dam olish maskaniga borguncha sarg‘ayib ketgan tog‘larning manzarasi aks etib turgan. Ammo 1 gektarlik ushbu maskanga kirib borishingiz bilan o‘zgacha muhit, minglab archa, pavlovniya, yuzlab turli o‘simliklar ekilgani uchun o‘ziga xos mikroiqlimga duch kelasiz. Qolaversa, tog‘ yonbag‘rida havo harorati shahardagidan ko‘ra 10 darajagacha past bo‘ladi. Mutasaddilar aytishicha, asosan xorijiy sayyohlar tashrifi uchun mo‘ljallangan ushbu maskan karantin cheklovlari tufayli ayni kunlarda mahalliy aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Tadbirkor ushbu maskan yonidan yana 1 gektar yer ajratilsa, uni kengaytirish, obod maskanga aylantirib, dam olishdan tashqari bir nechta sport turlari bilan shug‘ullanish imkonini yaratishi mumkinligini aytmoqda. Afsuski, hozircha tadbirkorga ushbu hududdan yer ajratilishi masalasi ochiq qolmoqda.
Gulruh Mo‘minova.