Vadim Abramov: “Oldinda 10 ta o‘yin bor, Superligada qolish uchun kamida beshtasini yutishimiz shart”
Vadim Abramov: “Oldinda 10 ta o‘yin bor, Superligada qolish uchun kamida beshtasini yutishimiz shart”
“Dinamo” jamoasining Superliga doirasidagi qoniqarsiz natijalari muxlislarni tashvishlantirayotgani hech kimga sir emas.
Kecha, 23 avgust kuni “Dinamo” stadionining markaziy tribunasida jamoa rahbariyati, murabbiylar, futbolchi va muxlislar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Klub matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, muxlislar Vadim Abramovdan jamoaning Superligada qolish imkoniyati haqida so‘rashgan.
- Jamoaning qabul qilganimga ko‘p bo‘lmadi va bu yerda ish boshlayotganda ham mendan bu haqda so‘rashganida Menga uchta o‘yin bering, qo‘l ostimda qanday jamoa borligini ko‘ray, keyin savolingizga javob beraman, degan edim. Hozircha “So‘g‘diyona” va “Qizilqum”ga qarshi ikki o‘yin o‘tdi, oldinda esa yana bitta bahs “Bunyodkor” bilan o‘tadi. Ushbu uchrashuvdan keyin sizning savolingizga javob berishim mumkin. Bu o‘yindan keyin bu savolga o‘zingiz ham javob topishingiz mumkin bo‘ladi.
“Dinamo”ning ikkinchi davra startini muvaffaqiyatsiz boshlaganini, turnir jadvali yetakchilari – “Paxtakor”, “Nasaf”, “So‘g‘diyona” va “Qizilqum”ga qarshi o‘yin o‘tkazgani bilan bog‘lash, bahonadek ko‘rinishi mumkin. Men uchun kim bilan o‘ynash emas, biz qanday o‘ynashimiz muhimroq. Hozirda o‘yin va natija jihatdan yaxshi ko‘rinmayotganimiz barchaga ayon.
Eng avvalo shuni to‘g‘rilashimiz kerak. Oldinda 10 ta o‘yinimiz bor va bu biz uchun imkoniyat. Ligada qolish uchun shundan kamida beshtasini yutishimiz shart. Aks holda vazifani bajarib bo‘lmaydi. Hozir sizga ko‘p va’dalar berishim mumkin, ammo tushuning, men sehrgar emasman.
Vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish, ligada qolish uchun barchamiz bor kuchimiz bilan ishlaymiz. Bu futbol, oldinda nima bo‘lishini bilmaysan”, - dedi Vadim Abramov.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq ustozi Samarqandda eng avvalo futbol infratuzilmasini yaxshilash, mashg‘ulot maydonlari ko‘paytirish kerakligini aytib o‘tdi.
- Samarqandda futbol infratuzilmasini yaxshilash lozim. Mashg‘ulot maydonlari bo‘lmasa, yosh futbolchilarning o‘sib kelishi qiyin bo‘ladi. Aynan shunga ham e’tiborni kuchaytirish kerak. Bu muammo faqat Samarqandda emas, Toshkentda ham xuddi shu ahvol. Futbol poydevori yaxshilanmasa, keyinchalik klublarda men yoki Mourino kelib ishlaydimi farqi yo‘q – natija ko‘rsatish qiyin, - deydi Abramov.
Muxlislar tomonidan jamoa legionerlari – darvozabon Miloye Prekovich va Mixaylo Yovanovich 1-davrada yaxshi o‘yin ko‘rsatgani, 2-davrada esa negadir ularga ishonch bildirilmayotgani haqidagi savolni ham murabbiy javobsiz qoldirmadi.
- Jamoaga kelganimda ular o‘ynamayotgan edi. Yovanovich jarohatidan keyin bugundan mashg‘ulotlarga kirishdi, Prekovich ham mashg‘ulotlarda ishlamoqda, ko‘ramiz, u ham asosiy tarkibga qaytishi mumkin, - dedi murabbiy.
Bundan tashqari, muxlislar himoya va darvoza chizig‘idagi qo‘pol xatolar haqida gapirib, tarkibda rotatsiya qilish borasida savol berishdi, murabbiy esa himoya chizig‘i nozik nuqta bo‘lib turganini tan oldi va o‘zgarishlar qilinishi mumkinligini bildirdi.
Qizg‘in savol-javoblar ostida o‘tgan uchrashuvda «Dinamo» bosh direktori Uchqun Qobilov hamda Erkin Boydullayev, Mixaylo Yovanovich, Marat Bikmayev, Elguja Grigalashvili singari tajribali futbolchilar o‘z fikrlarini bildirib, muxlislarga qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorchilik bildirgan holda jamoa va muxlislar bir kuchga aylansa, “Dinamo”ni Superligada olib qolish uchun oxirigacha kurashishga va’da berishdi, - deyiladi xabarda.