Vahima chiqarishga qaratilgan materiallar 89,2 million so‘mgacha jarima va 8 yilgacha qamoq bilan jazolanishga sabab bo‘ladi
Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi viloyatimiz aholisini vahima tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjudligi to‘g‘risida ogohlantiradi.
Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash 44 million 600 ming so‘mdan 89 million 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish 66 million 900 ming so‘mdan 89 million 200 ming so‘mgacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yuqoridagi harakatlar:
- oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan;
- xizmat mavqeidan foydalanib;
- diniy tashkilotlardan, shuningdek, chet el davlatlari, tashkilotlari va fuqarolaridan olingan moliyaviy yoki boshqa moddiy yordamdan foydalanib;
- ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.