Vatikanda tibbiy sabablarsiz "COVID-19"ga qarshi vaksinadan bosh tortganlar ishdan bo‘shatiladi
Vatikan gubernatori Juzeppe Bertello shu mazmundagi farmonni imzoladi, deya xabar berdi «Interfaks».
Aslida Italiya va dunyoning aksariyat qismida vaksina qabul qilish ixtiyoriy. Ammo farmonga binoan emlashdan bosh tortish boshqalarga xavf tug‘dirishi mumkinligini hisobga olgan holda vaksina qabul qilish ma’naviy javobgarlik hisoblanadi.
OAVda ushbu mavzu bo‘yicha e’lon qilingan xabarlardan norozi bo‘lgan Italiya aholisi ijtimoiy tarmoqlarda Vatikanni tanqid qila boshladi.
Natijada 18 fevral kuni Vatikan hukumati emlashdan bosh tortishning oqibatlari haqida ogohlantirish hech qanday jazoni anglatmasligini aytib, vaziyatga aniqlik kiritdi. Vatikan gubernatori emlash dasturida ishtirok etish ixtiyoriy ekanligi, shunga qaramay, kimningdir emlashdan bosh tortishi uning o‘ziga va boshqalarga xavf solishi mumkinligi to‘g‘risida bayonot berdi.
Bertello vakolatxonasi emlanishni istamaganlar uchun hukumat ish bilan ta’minlashning muqobil variantlarini izlashga tayyor ekanini ma’lum qildi. Vatikan hukumati emlash masalasida xodimlarga bosim o‘tkazmoqchi emasligi ta’kidlandi.
Biroq Yevropa OAV ma’lumotiga ko‘ra, Vatikan haqiqatan ham emlashdan bosh tortgani uchun xodimlarni ishdan bo‘shatish huquqiga ega: bu chora 2011 yilgi qonunda mustahkamlangan.
OAV Rim papasi Fransiskning "COVID-19"ga qarshi emlash g‘oyasini faol ravishda qo‘llab-quvvatlayotganini ta’kidlamoqda.
Vatikanda besh mingga yaqin kishi ishlaydi. Mamlakatda koronavirusga qarshi "Pfizer" vaksinasi bilan emlash yanvar oyi boshida boshlangan. Rim papasi Fransisk allaqachon barqaror immunitetni rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan vaksinaning ikkala komponentini qabul qilgan.