Viloyat hokimi: Rossiyaga borib ishlashning hojati yo‘q. Shu yerda ham mo‘may daromad topsa bo‘ladi
Erkinjon Turdimov Paxtachi tumanidagi Quvondiq va Yobu mahallalaridagi aholi tomorqalarini ko‘zdan kechirdi. Yobu mahallasida issiqxonalar tashkil etgan tomorqa egalari faoliyatini yuqori baholadi.
- Har bir hovlida issiqxona bo‘lishi kerak, - dedi hokim. - Aholi birlashib, bamaslahat issiqxonalar tashkil qilib, xaridorgir mahsulotlar yetishtirsa, chetda yoki Rossiyada ishlashga hojat qolmaydi. Shu yerda turib ham mo‘may daromad qilsa bo‘ladi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, degan har bir fuqaroga imkoniyatlar yaratib beramiz. Kredit masalasida endi muammolar bo‘lmaydi.
- Mahallamiz yo‘lining ahvoli juda og‘ir, - dedi Quvondiq mahallasida yashovchi Dilmurod Xamroyev. – Ushbu masalani bugungi qabulda viloyat hokimiga bildirdik. E.Turdimov mahallamiz yo‘li bilan bog‘liq haqiqiy ahvolni o‘zi kelib ko‘rdi va masala yuzasidan tegishli tashkilot mutasaddilari bilan maslahatlashdi. Yo‘limiz Navro‘z bayramigacha ta’mirlanadigan bo‘ldi.