Viloyat iqtisodiy sudlariga o‘tgan yil 195 murojaat tushgan

Mamlakatimiz qonunchiligida jismoniy va yuridik shaxslarning vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlar hamda xalq vakillariga murojaat qilish huquqi kafolatlangan. Shu bilan birga fuqarolarning davlat organlari va muassasalariga, xalq vakillariga murojaat qilish huquqini ta’minlash maqsadida ommaviy uchrashuvlarda murojaatlarni qabul qilish tartibi belgilangan.

Shundan kelib chiqib, keyingi yillarda sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari hamda tijorat banklari rahbarlari hududlarda sayyor qabullar o‘tkazmoqda. Bu tadbirlarda fuqarolar tomonidan kredit ajratish, huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari qarorlariga doir, bandlik va ish haqi to‘lovlari, tadbirkorlik, elektr va tabiiy gaz ta’minoti, sog‘liqni saqlash va boshqa masalalarga oid murojaatlar bildirilmoqda.

Samarqand viloyat hamda tumanlararo va tuman (shahar) iqtisodiy sudlariga 2018 yilda jismoniy va yuridik shaxslardan jami 159 ta murojaat tushgan. Murojaatlarning 89 tasi sud hujjatidan norozilik, 6 tasi sud hujjatining ijrosi, 4 tasi sud xodimlarining xatti-harakatlari bilan bog‘liq bo‘ldi. Mazkur murojaatlarning 134 tasi bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berilgan, 3 tasi qanoatlantirilgan va 13 tasi rad etilgan.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, eng ko‘p murojaat (124 ta) Samarqand viloyat iqtisodiy sudiga, 13 tasi Samarqand shahar iqtisodiy sudiga, 8 tasi Kattaqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudiga tushgan.

2018 yil mobaynida Samarqand viloyat, tumanlararo va tuman (shahar) iqtisodiy sudlariga kelib tushgan murojaatlarning 89 tasi (56,3 foiz) sud hujjatlaridan norozilik, ya’ni qabul qilingan sud hujjatlari ustidan apellyasiya yoki kassatsiya shikoyatlari yoxud nazorat tartibida ariza berish tartibini tushunmasdan berilgan arizalarni tashkil qildi.

O‘tgan yilgi murojaatlarning 86 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi va joylardagi xalq qabulxonalaridan kelib tushdi. Bu ariza va shikoyatlarning har biri nazoratga olinib, fuqarolarga zarur huquqiy yordam ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, 2018 yilda viloyat iqtisodiy sudi rahbariyatining shaxsiy (sayyor) qabulida 74 ta (24 tasi sayyor qabulda), Samarqand shahar iqtisodiy sudi raisi qabulida 37 ta (11 tasi sayyor qabul), Past Darg‘om tuman iqtisodiy sudi raisi qabulida 31 ta (10 tasi sayyor qabul), umuman, viloyat bo‘yicha jami 201 ta og‘zaki murojaat qayd etilgan.

Yurtimizda fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tahlil qilinganda, bir qator tizimli kamchiliklar mavjudligi aniqlandi. Shu sababli Prezidentimizning 2019 yil 17 yanvardagi farmoni bilan mazkur yo‘nalishdagi muammolarni aniqlash va hal qilish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinmoqda. Unga ko‘ra, joriy yilning 1 fevralidan Xalq qabulxonalarining muammolarni uyma-uy yurish orqali aniqlash va hal qilish, davlat organlarining aholi bilan bevosita ishlashi tartiblari belgilandi.

Tuman (shahar) xalq qabulxonalari boshchilik qiladigan ishchi guruhlar uyma-uy yurish, ijtimoiy ob’yektlarni o‘rganish natijalarini mahallalar va xonadonlar (oilalar) kesimida tahlil qiladi, shundan so‘ng aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan qisqa (1 yillik) va o‘rta muddatli manzilli tadbirlar rejalarini shakllantiradi.

Qisqa muddatli manzilli tadbirlar rejalari ijrosi tuman (shahar) hokimliklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari, Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, transport, kapital qurilish, qurilish industriyasi va mudofaa sanoati masalalari kompleksi tomonidan ta’minlanadi.

   “Hudud” axborot tizimi takomillashtiriladi va unga barcha Xalq qabulxonalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar integratsiya qilinadi.

Barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning viloyat bo‘linmalari veb-saytlari 2019 yilning 1 iyuliga qadar, tuman (shahar) bo‘linmalari veb-saytlari esa 2020 yilning 1 yanvariga qadar tashkil qilinib, fuqarolarning elektron murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

B.ESHONQULOV,

 viloyat iqtisodiy sudi sudyasi.