Viloyat sudlari raislari Qo‘shrabot tumanida sayyor qabul o‘tkazdi

Samarqand viloyat sudi raisi O.Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi vazifasini bajaruvchi R.Ochilov Qo‘shrabot tuman Xalq qabulxonasida sayyor qabul o‘tkazdi.

Qabul davomida 30 dan ortiq fuqaro o‘z muammolariga yechim istab murojaat qildi. Har bir murojaatga alohida e’tibor qaratildi, joyida hal etish choralari ko‘rildi. Ayrimlari bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.

Shova qishlog‘ida yashovchi M.Pardayeva ayni paytda ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgani, qilmishidan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligi, sodir qilgan jinoiy qilmishidan xulosa chiqarganligini bildirib, viloyat sudi raisidan jazoning qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi.

Tepali qishlog‘ilik S.Qo‘shniyozov va Boyto‘p qishlog‘ida yashovchi  Sh.Xudoyberdiyevning ham murojaati shu mazmunda bo‘lib, axloq tuzatish ishlari jazosining qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi.

Shu yerda jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tumani sudining sayyor sud majlisi tashkil etilib, mazkur murojaatlar qanoatlantrildi.

Viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.