Viloyatlararo avtobuslar «qizil» hududlarda to‘xtamagan holda harakatlanadi

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi axboroti e’lon qilindi.

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, «yashil» hududlarda joylashgan sanatoriy, pansionat, bolalar oromgohlari va boshqa dam olish maskanlariga fuqarolarni markazlashtirilgan tartibda tashish uchun viloyatlararo avtobuslar, shu jumladan, turistik tashkilotlar avtobuslari qatnovini yo‘lga qo‘yishga ruxsat berildi.

Bunda:

* avtobuslarda haydovchi va yo‘lovchilar tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi lozimligi, shuningdek, ularning tana harorati pirometrlarda o‘lchanib, 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan holatda ularning avtobus saloniga chiqarilmasligi;

* avtobuslar viloyatlararo qatnovlarda «qizil» hududlarda to‘xtamagan holda harakatlanadi;

* avtobuslar doimiy ravishda har qatnovga chiqishdan oldin to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkaziladi;

* avtobuslarda harakatlanayotgan yo‘lovchilarning reyslar kesimidagi ro‘yxati (bazasi) yuritiladi.

Shuningdek, shaxsiy avtotransport vositalarining viloyatlararo harakatlanishiga yo‘l qo‘yilmasligi (Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno) talabi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish belgilandi.