Xalq dardini eshitmaydigan mahalla raislari vazifasiga noloyiq
Avval xabar qilganimizdek, 10 oktyabr kuni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Samarqand shahridagi Vatanparvar mahallasida sayyor qabul o‘tkazdi.
Qabul davomida fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoyalash va ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratildi. Murojaatlarning aksariyati uy-joy, ishga joylashish, bankdan kredit olish, tabiiy gaz, elektr energiyasi ta’minoti, sog‘liqni saqlash, kommunal xo‘jalik, yo‘llarni ta’mirlash, ta’lim sohasidagi muammolar bilan bog‘liq bo‘ldi.
Qariyb 7 soat davom etgan qabulda murojaatlarning aksariyati shu yerning o‘zida hal etildi, muddat talab etiladigan masalalarga mas’ullar biriktirilib, viloyat hokimligi tomonidan ijrosi nazoratga olindi. Asossiz murojaatlar rad etildi.
– O‘zim ham, turmush o‘rtog‘im ham bolalikdan nogironmiz, – deydi Sergey Badadyan. – Ikki yil oldin Samarqand shahridagi yotoqxona binosi moslashtirilib, biz kabi uyga muhtojlarga boshpana sifatida berilgandi. Ammo ko‘p xonalar bo‘sh turibdi. Bizga yashash huquqi berilgan bir xonali uyimizni ehtiyoj sabab bo‘sh turgan ikki xonalikka almashtirib berishni so‘rab viloyat hokimiga murojaat qildim. Buning uchun mutasaddilarga topshiriq berildi.
Sayyor qabulda ko‘plab fuqarolar mahallaning o‘zida hal etiladigan muammolar bilan ham viloyat hokimi va sektor rahbarlariga murojaat qildi. E.Turdimov o‘z mahallasidagi mummolarga e’tibor qaratmaydigan, xalq dardini eshitmaydigan mahalla raislari vazifasiga noloyiqligini aytdi.
To‘lqin Siddiqov,
Husan Eltoyev (foto).