Xalq qabulxonasi muammoga, masalaga o‘rin qoldirmaydi

Olti qahramon mahallasida yashovchi fuqaro Zulayho Parmonova tabiiy gazdan qarzdorlikdan norozi bo‘lib qilgan murojaati tegishliligi bo‘yicha tuman MIB xodimlari tomonidan o‘rganib chiqildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, 998 ming 18 so‘m asossiz qarzdorlik iste’molchi hisobidan olib tashlandi.

Yuqori Bog‘onali mahallasida fuqaro Nigora Doniyorova gaz balloni olishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi, masala shu kunning o‘zida ijobiy hal qilindi.

Yangiobod mahallasida yashovchi fuqaro Jamshid Sultonovning tadbirkorlik qilish uchun kredit olishda amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati ham Xalq qabulxonasi aralashuvi bilan ijobiy yechim topdi.

Albatta, bu kabi odamlarni o‘ylantirayotgan masalalarning hal etilganligi haqida yana ko‘plab misollar keltirish mumkin. Ammo muhimi, bugun fuqarolarimizning Xalq qabulxonalariga ishonchi ortib bormoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Past Darg‘om tumanidagi Xalq qabulxonasiga joriy yilning 10 oyi davomida 887 ta jismoniy va yuridik shaxslar murojaat qilgan. Ularning 574 tasi yozma bo‘lsa, 313 ta murojaat og‘zaki ravishda bildirilgan.

Murojaatlarning 574 tasi tegishliligi bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga yuborilgan. Og‘zaki murojaatlar Xalq qabulxonasining o‘zida jalb qilingan mutasaddi tashkilotlar xodimlari bilan birgalikda ko‘rib chiqilib, hal etilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, kelib tushgan 887 ta murojaatlarning 494 tasi yoki 56 foizi qanoatlantirilgan. 363 ta murojaat huquqiy maslahat berilgan, 27 tasi esa o‘rganish uchun nazoratga olingan.

Tahlillarga ko‘ra, suv va issiqlik ta’minoti bo‘yicha 90 ta, moddiy yordam olishda amaliy yordam so‘rab 79 ta, kommunal to‘lovlarni hisoblash yuzasidan 75 ta, ichki ishlar faoliyati bo‘yicha 68 ta, uy-joy va yer bilan ta’minlash haqida 57 ta, aliment masalasida 49 ta, prokuratura bo‘yicha 43 ta, pensiya va nafaqa masalalarida 43 ta, kredit olish yuzasidan 39 ta, ish bilan ta’minlash haqida 38 ta va sog‘liqni saqlashga oid masalalar bo‘yicha 37 ta murojaatlar kelib tushgan.

Shuningdek, sud masalalariga oid 19 ta, sud ijrosiga oid 18 ta, maktab ta’limi bo‘yicha 11 ta, oliy ta’lim masalasida 5 ta, bank-moliya masalalarida 7 ta, gaz, elektr, yo‘l qurlishi haqida 8 ta, soliq to‘lovlari bo‘yicha 5 ta, transport masalalarida 4 ta, qurilish sohasida 4 ta, tadbirkorlik huquqlarining buzilishi bo‘yicha 3 ta, san’at, ma’rifat va madaniyat hamda ehtiyoj mollari narx-navosi masalasida 1 tadan, davlat xizmati faoliyati yuzasidan 11 ta va boshqa masalalar bo‘yicha 172 ta murojaat ro‘yxatga olingan.

Siddiq ChORShANBOYeV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Past Darg‘om tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri.