Xalq ta’limi milliy reytingida Samarqand to‘rt pog‘ona yuqoriladi
Xalq ta’limi sohasida milliy reyting tizimi natijalari joriy yil ikkinchi marta e’lon qilinmoqda. 2019-2020 o‘quv yili yakuni bo‘yicha milliy reyting natijalariga ko‘ra, Samarqand viloyati xalq ta’limi tizimi o‘tgan yilgi natijani yaxshilab, respublikada 9-o‘rinni egalladi (o‘tgan yil 13-o‘rinda edi).
Xo‘sh, milliy reyting nima? U qaysi tamoyillar asosida aniqlanadi? Bunda viloyat xalq ta’limi tizimi qayd etgan natijaning yutuq hamda kamchiligi nimada? Ayni paytda jamoatchilik tomonidan berilayotgan ana shu mazmundagi savollarga Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Saidahmad USMONOV javob berdi.
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida umumta’lim muassasalari reytingini tuzish topshirig‘i belgilangan, - deydi S.Usmonov. - Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq ta’limi vazirligining qarori qabul qilindi, tanlovning yo‘l xaritasi tasdiqlandi. 2019 yil 1 yanvardan boshlab ilk bor davlat inspeksiyasi tomonidan tuman va shaharlar kesimida tanlash asosida umumta’lim muassasalari faoliyati samaradorligi bo‘yicha reyting tuzildi. Bu quyidagi to‘rt yo‘nalish bo‘yicha aniqlanadigan bo‘ldi:
- bitiruvchilarning umumta’lim fanlari bo‘yicha tayyorgarligi va ta’lim sifati darajasi;
- 9-sinf o‘quvchilarining bilim darajasi;
- maktablarda oliy va birinchi toifali pedagog xodimlarining ulushi;
- ijtimoiy so‘rov, ya’ni maktablarda o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoit va o‘qitish muhitining holati.
- Umumta’lim muassasalari reytingini aniqlashdan maqsad nima va reyting baholash tizimi bizga nima beradi?
- Umumta’lim muassasalari reytingi – umumiy o‘rta ta’lim tizimida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan ichki islohot bo‘lib, bunda o‘quvchilar, ota-onalar va keng jamoatchilik tizimda bo‘layotgan o‘zgarishlar va ta’lim muassasalaridagi holatlar haqida shaffof ma’lumotlarga ega bo‘ladi.
Maktablar reytingi – xalq ta’limi tizimining qanday ishlayotganligini ko‘rsatib turuvchi mezon. Reyting orqali umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyati samaradorligiga baho beriladi, ta’lim sifatini monitoring va nazorat qilish ta’minlanadi.
Reytingning maqsadi umumta’lim muassasalari faoliyati samaradorligini baholash orqali respublikamiz umumiy o‘rta ta’lim maktablarida sog‘lom raqobat muhitini yaratishga qaratilgan.
Maktablar faoliyati samaradorligini reyting baholash tizimini joriy qilishning yana bir ahamiyatli tomoni PISA, TIMSS va PIRLS xalqaro o‘quvchilar bilimini baholash dasturlari darajasiga olib chiqishda ta’lim muassasalariga ko‘maklashish va ta’lim sifatini xalqaro andozalarga yaqinlashtirishdir.
- Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi milliy reytingda yanada yuqori o‘rinlarni egallashi uchun qanday tadbirlar ishlab chiqdi? Ular amaliyotga nechog‘li qo‘llanilyapti?
- Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 2018-2019 o‘quv yilida viloyatimizdan 121 ta maktab tanlab olinib, yuqoridagi indikator (yo‘nalishlar) orqali baholangan edi. Afsuski, maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlarining pastligi, o‘qituvchilarimiz malaka toifalarining qoniqarsizligi va bir qancha omillar sababli Samarqand o‘ziga nomunosib o‘rinni egallagandi.
Biz bundan xulosa qildik va mazkur salbiy natija asosida viloyatdagi barcha maktablarning ta’lim sifatini butunlay qayta ko‘rib chiqishga kirishdik. Bu borada viloyat xalq ta’limi boshqarmasining yo‘l xaritalari tuzilib, tumanlar kesimida tahlil qilib borildi. Ochig‘ini aytganda, avvalo, maktab direktori, o‘qituvchining o‘z ishi, ta’lim sifatini oshirishga bo‘lgan harakatiga e’tibor qaratdik.
Chunki, bugun xalq ta’limi xodimining oldiga qo‘yilgan talab, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan islohotlarni hazm qila olmaydigan ayrim maktab direktorlari va o‘qituvchilar bor. Ularni ishdan olish, o‘rniga boshqasini qo‘yish bilan muammo hal bo‘lmaydi. Aksincha, masalani ularga tushuntirishga, muammo mohiyatini yetkazishimizga to‘g‘ri keldi. Shuning uchun viloyatning eng olis hududlarigacha borib, maktab direktorlari, o‘qituvchilar bilan yuzma-yuz uchrashyapmiz. Bunda maktab bitiruvchilarining oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari, fan o‘qituvchilari o‘rtasida “Ustozlar bellashuvi”ni o‘tkazishning holati, o‘qituvchilarni malaka toifalari uchun o‘tkazilayotgan test sinovlariga kengroq jalb etish doimiy e’tibor markazimizda bo‘lmoqda. Albatta, bu harakatlarimiz o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatyapti.
Joriy yil ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tashkil etilgan milliy reytingda viloyatimizdan 125 ta maktab ishtirok etdi. Unda o‘quvchilarimiz umumta’lim muassasalarining matematika fanidan yozma ish natijalari bo‘yicha 20,1 ball to‘plab, respublikada birinchi o‘rinni egalladi. Paxtachi tumanidagi 2-maktab (77,78 ball), Payariq tumanidagi 5-maktab (70,00 ball), Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 3-maktab (66,67) o‘quvchilarining matematik savodxonlik darajasi yuqoriligi bilan ushbu ijobiy natijaga erishildi. Ona tili fanidan olingan diktantda esa 70,55 ball bilan viloyatimiz respublikada to‘rtinchi o‘rinni qayd etdi. Ya’ni, diktant yozishga jalb etilgan Payariq tumanidagi 5-maktabning 20 nafar o‘quvchisidan 16 nafari “a’lo” baho oldi.
Ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari orasida eng yuqori natijaga erishgan 20 ta ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari orasida Samarqanddan 1 ta, ya’ni Ishtixon tumanidagi 1-IDUM munosib o‘rin oldi. Bitiruvchilarning umumta’lim fanlari bo‘yicha tayyorgarligi va ta’lim sifati, 9-sinf o‘quvchilarining bilim darajasi asosida eng yuqori natija qayd etgan maktablar o‘ntaligining 6- va 7-o‘rinlaridan Jomboy tumanidagi 53-maktab (53,8) hamda Kattaqo‘rg‘on shahridagi 1-maktab (53,4) munosib joy oldi.
Ijtimoiy so‘rov, ya’ni maktablarda o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar va o‘qitish muhitining holati bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnomada 7-o‘rin qayd etildi.
Oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng quyi natija qayd etilgani viloyatimizda bu boradagi muammolarni yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. Bitiruvchilarimizning OTMga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari ham xuddi shunday natijani ko‘rsatdi.
- Milliy reyting natijalari tuman va shaharlar kesimida ham tahlil qilinyaptimi?
- Albatta. Joriy yilgi milliy reyting natijalari o‘tgan yilgisi bilan qiyoslanmoqda. Buni biz viloyatdagi barcha maktablar kesimida ham tahlil qilib, joylarda bevosita maktab direktorlari, o‘qituvchilar ishtirokida muhokama qilamiz.
Milliy reyting natijalariga ko‘ra, Samarqand viloyati o‘tgan yilgi natijadan to‘rt pog‘ona yuqorilab, respublikada 9-o‘rinni egalladi. To‘g‘ri, ilm-fan o‘chog‘i sanalgan Samarqanddek viloyatga bu natija yarashmaydi. Biroq bu o‘tgan qisqa muddat ichida kamchiliklarimizdan xulosa qilib, faoliyatimizda o‘zgarish yasaganimizning natijasi.
Bu natijalarni biz har bir maktab kesimida qayta ko‘rib chiqqan holda viloyat reytingini tuzamiz. Xalq ta’limi sohasida amaliyotga tatbiq etilayotgan har qanday ijobiy malaka va tajribalarni eng chekka hududlardagi maktablarimizda ham amaliyotga tatbiq etamiz. O‘qituvchilarimizning bilim darajasini, ularning malaka toifalarini oshirish maqsadida oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligimizni yanada mustahkamlaymiz. Maktablarda fan o‘qituvchisining izlanishi, bilimini oshirishga qaratilgan “Ustozlar bellashuvi”ni qat’iy belgilangan tartibda joriy qilamiz.
Abduhoshim ZIYoDOV suhbatlashdi.