Xalq ta’limini "laykbozlik"dan qutqaring
Oxirgi 10 kun ichida ijtimoiy tarmoqlarda xalq ta’limi tizimidagi "laykbozlik"lar haqida ko‘plab murojaatlar bo‘lyapti. Ularda yozilishicha, hammasi bundan 1 oycha avval Xalq ta’limi vazirligiga tegishli telegram kanalda "Xalq ta’limi vazirligining viloyat boshqarmalari ishiga baho bering", deb o‘tkazilgan so‘rovnomadan boshlangan.
Surishtirish natijasida shuni bildimki, o‘sha so‘rovnoma na uni tashkillashtirgan Xalq ta’limi vazirligidagilarga, na viloyat xalq ta’limi boshqarmadagilarga hech narsa bermaydi. Faqat Xalq ta’limi vazirligi o‘zi uchun qaysi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi samarali ishlayotganini shu yo‘l bilan aniqlashni xohladi, shekilli. Ammo bunday so‘rovlar juda nisbiy bo‘lib, kimlardir hatto qoniqarli ishlamayotgani "laykbozlik" ortidan peshqadam bo‘lib qolishi mumkin.
Eng achinarlisi, ana shu so‘rov ortidan tizimda ma’lum bir vaqtda bo‘lsa ham butun boshli "laykbozlik kompaniyasi" yuzaga keldi. O‘shandan beri "falon viloyat XTB rahbariga ovoz bering", deb hali telegram ijtimoiy tarmog‘idagi turli guruhlarda, hali kanal yurituvchilariga, hatto shaxsiy yozishmalarda tinimsiz iltimoslar kelyapti, ketyapti. Ochig‘i, bu ishdan XTV nimani ko‘zlagan, bilmayman-u ammo bu yo‘l orqali layk yig‘ib, o‘sha viloyatda XTB rahbarini qanday ishlayotganini aniqlashga urinish - absurd ish.
Aslida bugun bildiradigan fikrlarimni o‘sha so‘rovnomaga ko‘zim tushgan paytda yozishni reja qilgan edim. Ammo, "Ha, endi, XTV nimadir yangilik qilishga urinyapti-ku", deb o‘yladim. Ammo hozir o‘zimning telegram botimga bir murojaat kelib tushdi. Uni o‘qib, darrov o‘z mulohazalarimni yozishga tutindim.
Unda yozilishicha, XTVning o‘sha so‘rovnomasidan keyin ayrim joylarda viloyat xalq ta’limi bo‘limi tomonidan «Tuman XTB rahbari faoliyatiga baho bering", deb so‘rovnoma o‘tkazish boshlanibdi. Uning ortidan esa ayrim tumanlarda tuman XTB tomonidan maktablar raqami ko‘rsatilib, "Tumandagi maktablar faoliyatiga baho bering", degan so‘rovnomalar boshlanibdi.
"Ishonasizmi, endi ta’lim tizimida ishlaydigan o‘qituvchi-pedagoglarning ishi telegram ijtimoiy tarmog‘idagi ana shunday so‘rovnomalarga tinimsiz layk bosish bilan o‘tayapti. Avvaliga viloyat XTBdan viloyatdagi barcha maktab o‘qituvchilariga "Viloyat rahbarimizga layk bosing, tanishlaringizga ham tavsiya qiling, layk bosishsin", deb aytildi. Ayrim joylarda buyurildi. Keyin navbat tuman XTB va uning rahbari faoliyatiga baho berib, layk bosishga keldi. Endi esa tuman XTB tomonidan o‘tkazilayotgan so‘rovnomada maktabimizga o‘zimiz ovoz berishimiz, kamiga tanish-bilish, qo‘ni-qo‘shnilarga ham layk bostirishimiz kerak. Bu bo‘layotgan ishlarni ko‘rib, kularimizni ham, kuyarimizni ham bilmaymiz" deyiladi murojaatda.
Ochig‘i, bunday ishlarni, soxta, zo‘rma-zo‘rakilik va ta’bir joiz bo‘lsa, tilanchilik ortidan layk yig‘ib, Xalq ta’limi vazirligi va uning joylardagi boshqarma va bo‘limlari nimaga erishadi, bilmayman. Agar tizimdagi rahbarlar faoliyatiga baho berish kerak bo‘lsa joylarda maktablar sharoitlari o‘rgansin. Qolaversa, vazirlik hanuzgacha hokimliklar tomonidan o‘qituvchilar maoshidan hali konsert bileti, hali qandaydir fondga pul ushlab qolish kabi ishlar qilinib, ta’lim tizimiga bo‘layotgan turli bosimlarga qarshi kurashsin.
Oxirgi paytlarda ta’lim tizimi va o‘qituvchilar muammolariga ko‘p marta duch kelayotgan odam sifatida aytaman: joylarda o‘qituvchilarni ham, xalq ta’limi tizimini ham Xalq ta’limi vazirligi emas, jurnalistlar va blogerlar himoya qilayapti. XTV esa o‘z hududiy boshqarma va bo‘limlari va ularning rahbarlarini, maktab direktorlari va o‘qituvchilarini joylarda ayrim boshqaruv tashkilotlari tomonidan bo‘layotgan turli bosimlardan himoya qilish o‘rniga tizim xodimlarni «laykbozlik kasaliga mubtalo qilish» bilan ovora.
Gapning dangali: bu ishning xalq ta’limi tizimi faoliyatining sifatini ko‘tarishga zarracha nafi yo‘q!
G‘ayrat YO‘LDOSh.