XDP qurilishda ishlayotgan vatandoshlarimizning mehnat xavfsizligi ta’minlanishini talab qilib chiqdi
Xalq demokratik partiyasi Toshkent metrosining Yunusobod yo‘nalishi qurilishi vaqtida yer o‘pirilishi oqibatida ro‘y bergan fojiada halok bo‘lgan hamyurtlarimizning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi:
"Toshkent metrosining Yunusobod yo‘nalishi qurilishi vaqtida yer o‘pirilishi oqibatida ro‘y bergan fojia butun jamoatchilikni qattiq larzaga soldi.
Xalq demokratik partiyasi avvalo, ushbu fojia tufayli halok bo‘lgan hamyurtlarimizning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Shuning bilan birga, Hukumatdan, mutasaddi vazirlik-idoralar, qurilish va pudratchi tashkilotlar rahbarlaridan ishchi xodimlarning hayoti, qonuniy haq-huquqlarini muhofaza qilish bilan bog‘liq o‘ta dolzarb masalalarga katta mas’uliyat va chuqur javobgarlik hissi bilan yondashishni talab qiladi.
Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida minglab qurilish loyihalari amalga oshirilmoqda. Achchiq haqiqatni tan olishimiz kerakki, ularning aksariyatida yuz minglab yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar norasmiy yollanma ishchi sifatida haqsiz, huquqsiz mehnat qilmoqdalar.
Xalq demokratik partiyasi barcha qurilish va boshqa xavfli sharoitlarda ishlayotgan vatandoshlarimizning mehnat xavfsizligi to‘liq ta’minlanishini mutasaddi tashkilotlardan talab qiladi.
Fojiaga sabab bo‘lgan holatlar tahlili bo‘yicha aybdorlar qonun oldida javob berishi shart.
Hammamiz kecha yuz bergan fojiadan saboq chiqarishimiz, ishchi-xodimlarning hayoti, xavfsizligi, haq-huquqlarini qat’iy himoya qilishimiz zarur".
Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi axborot xizmati.