XDP ustozlarni qutladi

Samarqand shahrida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan 1 oktyabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Ustozlar doim e’zozda!” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Bayram tadbirida partiya a’zolari bo‘lgan faol o‘qituvchi va murabbiylar, shuningdek, partiya tizimida bir necha yillar faoliyat ko‘rsatgan faxriylar ishtirok etdi.

O‘zbekiston XDP Samarqand viloyat kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat kengashi deputati B.Nasriyev barcha ustozlarni bayram bilan tabriklar ekan, xalqimizning ustoz otangdek ulug‘, degan hikmatli so‘zlarini eslab, o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan samimiy ehtiromini namoyon etdi.

Bu bayram, avvalo, o‘zining bilim va tajribasi, iste’dod va mahorati, insoniy fazilatlarini, ko‘z nuri va qalb qo‘ri, butun borlig‘ini ayamasdan, ma’rifat yo‘lida beminnat xizmat qiladigan ustoz va murabbiylarimizga nisbatan xalqimizning azaliy hurmat-ehtiromining yaqqol namunasi ekanligi, xususan, muallim va ustozlarning mashaqqatli va sharafli mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish bo‘yicha boshlagan ishlar albatta yangi pog‘onaga ko‘tarilishi kerakligi to‘g‘risida gapirib o‘tdi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga ShHTning Samarqand sammitidagi Yurtboshimizning tarixiy ma’ruzasi mazmun-mohiyati, unda qabul qilingan 40 dan ortiq muhim hujjatlar, iqlim, xavfsizlik, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrash kabi masalalar yuzasidan ma’lumot berdi.

Tadbir yakunida  jonkuyar, fidoyi o‘qituvchi-murabbiylarga partiya Markaziy Kengashi va viloyat kengashining faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.