Xitoy uskunasi+Turkiya xomashyosi=Urgut mahsuloti yoki qog‘ozdan amalga o‘tgan ish o‘rinlari haqida
Ushbu korxonalarda tikilib, sotuvga qo‘yilayotgan erkaklar ko‘ylagini ko‘rib, bozoru do‘konlardagi sotuvchilarning Xitoy yoki boshqa davlatlardan keltirilgan deya sotilayotgan ko‘ylaklar asli Urgutda tikilsa keragov, degan xayolda qoldik. Sifat, yorliq, dizayn hammasi sizda shunday taassurot qoldiradi.
Aslida Urgut tumaniga xotin-qizlar bandligi, ularga yaratilayotgan ish o‘rinlari bo‘yicha maqola tayyorlash uchun borgandim. To‘g‘risini aytish kerak, bundan birmuncha muddat oldin bu masalada maqola yozishda ancha qiyinchilikka duch kelardik. Shuncha ish o‘rni yaratganmiz, deb aytilgan korxonaga borsak, 4-5 ishchini ko‘rar, "elektr energiyasi yo‘qligi tufayli ishga chiqmagan, svet yonganda chaqiramiz", degan tadbirkorlar albatta, birinchi navbatda muammolariga to‘xtalib o‘tardi. Bu safar tumandagi bir nechta korxonalarga ogohlantirmay bordik. Aytilganidan ham ziyod ishchilar o‘z o‘rnida, o‘z ish kiyimida, qizg‘in mehnat jarayonida.
BEPUL TUSHLIK, TRANSPORT XIZMATI
"SamTurkTekstil" oilaviy korxonasi ish boshlaganiga endigina ikki oy bo‘libdi. 25 ta tikuv mashinasi va boshqa uskunalar Xitoydan keltirilgan, 25 nafar xotin-qiz va yoshlar ish bilan ta’minlangan. Kuniga 240, bir oyda esa besh mingta erkaklar ko‘ylagi ishlab chiqaradi. Nafaqat mahalliy bozor, balki qo‘shni respublikalarga ham mahsulot sotuvi yo‘lga qo‘yilgan. Ikki oy ichida shunday quvvat bilan ish yuritilishiga ko‘pchilik tadbirkorlar havas qilsa ajabmas.
- Erkaklar ko‘ylagini tikish bilan shug‘ullanuvchi korxona ochish to‘satdan xayolimizga kelgani yo‘q, - deydi korxona rahbari Anvar G‘afforov. - O‘n yillardan beri aynan shu mahsulot sotuvi bilan shug‘ullanib, Xitoy, Turkiyadan erkaklar ko‘ylagini keltirardim. Qaysi ko‘ylak qancha miqdorda sotilishi, ya’ni bozor marketingidan xabarim bor edi. Keyinroq Turkiyada ishlab chiqarilgan ko‘ylaklar kabi mahsulot tikishni Xitoy tadbirkorlariga buyurtma berib, ushbu davlatdagi ishlab chiqarish bilan yaqindan tanishdik.
Puxta o‘ylangan hisob-kitoblardan so‘ng xuddi shunday ko‘ylaklarni o‘zimizda ishlab chiqarish harakatiga tushdim. Bor sarmoyamni shu ishga tikdim. Xitoydan uskunalarni, Turkiyadan xomashyo keltirib, ishni yo‘lga qo‘ydik. Ishimiz xom bo‘lmasin, deya garchi mutaxassislar bo‘lsa-da, Turkiya hamda shu ish bilan uzoq yillardan beri shug‘ullangan namanganlik mutaxassislarni chaqirib, kerakli tavsiyalarni oldik.
Yosh tadbirkorning rafiqasi Zulayho Hamdamova hamda 24 nafar xotin-qizlarga oylik maoshdan tashqari yo‘l puli hamda bepul tushlik tashkil qilingan ekan.
ISHCHILAR SONINI KO‘PAYTIRISH FOYDALIROQ BO‘LDI
"Urgut sanoat servis" korxonasida xotin-qizlar uchun xuddi shunday shart-sharoitlar yaratilganiga guvoh bo‘ldik.
- Ishlayotganimdan beri o‘zimga ishonchim ortgan, atrofdagilarning hurmatiniyam sezaman, - deydi ushbu korxonaga Jartepa mahallasidan qatnaydigan Tursunoy Rahmatova. - Kollejni tikuvchilik yo‘nalishi bo‘yicha tugatganman. Ammo orada bir yil ishlamadim. Bir kuni gazetada tikuvchilik korxonasida ish borligi haqidagi e’lonni o‘qib, shu yerga keldim, qabul qilishdi. To‘g‘ri, tuman markazidan sal olisda yashayman, ammo xodimlar uchun transport tashkil qilingan.
- Korxonamizni 2017 yil 4 nafar ishchi bilan tashkil qilgandik, - deydi Majidxon Islomov. - Hozir ularning soni 25 nafarga yetdi. Shu yilning o‘zida 11 nafar xotin-qizni ishga oldik. Soliq stavkalarining kamaytirilgani ish o‘rnini yashirmasdan, qonuniy tashkil etishimizga sabab bo‘ldi. Endi ularning sonini kamaytirib ko‘rsatishdan ko‘ra oshirish biz uchun foydaliroq. Ayniqsa, elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarning barham topgani tadbirkorlar o‘z ishini to‘la quvvat bilan yuritishida muhim omil bo‘ldi.
Shu korxonada ikki yildan beri ishlayotgan Gulnora Hamdamova ish boshlagandan beri sog‘ligi ancha yaxshilanganini aytsa, endigina ish boshlagan opa bilan suhbatlashganimizda turmushi bo‘lmagach, ancha qiynalganini, farzandlari ulg‘ayib qolayotgani, ishga joylashgani uning hayotida o‘zgarish yasashidan umidvor ekanini aytdi.
Aytish kerakki, ushbu korxonalarda ishlayotgan xotin-qizlarning aksariyati ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish ular uchun nafaqat moddiy, balki ruhiy, maishiy qiyinchiliklarini yengib o‘tishiga yordam beruvchi maskan ekanligini bildik.
SANOAT USULIDAGI TO‘NLAR
Tabiiyki, ular qo‘lda tikilgan to‘nlarga teng kelmas, ammo ixchamligi, tikilishi ulardan katta farq qilmaydi, narxi esa hamyonbopligi bilan ajralib turar ekan. Umuman, to‘nni sanoat usulida ishlab chiqarishni faqat urgutliklar uddalagan bo‘lsa ajabmas.
- Bu g‘oyani ancha yillardan beri o‘ylaganmiz, - deydi "Urgut Harakat" MChJ rahbari Sadriddin Asrorov. - Xitoydan savdo uchun turli mahsulotlar keltirardik. Paltobop, tayyor qavilgan matolarni ko‘rgach, shu usulda to‘n tikishni yo‘lga qo‘ysak-chi, deb o‘yladik. Urgut to‘ndo‘zlari, to‘nlari bilan mashhur bo‘lgani uchun ushbu liboslarning bozorda savdosi chaqqonligidan xabarimiz bor. Barchasini o‘ylab, Xitoydan shunday uskunalarni keltirishga jazm etdik. Joy masalasida muammo yo‘q edi, uskunalarni darhol joylashtirib, 2014 yilda ishimizni boshlab yubordik. 4 ta ishchi bilan ish boshlagan korxonada hozirda 32 nafar xodim mehnat qiladi, ularning 28 nafari xotin-qizlar.
Darvoqe, ushbu korxonada ham xodimlarga bepul tushlik berilib, transport xarajatlari to‘lanar ekan. Bir oyda besh mingga yaqin to‘n yurtimiz va Tojikiston bozorlariga chiqariladi. Tadbirlilikni ko‘ringki, to‘n ichiga solinadigan vatin ham shu hududdagi korxonada, mato qoldiqlaridan tayyorlanar ekan. To‘nga ketadigan xomashyoning 15 foizigina xorijdan, ya’ni Xitoydan keltiriladi.
- Shu yerda amaliyotimni o‘tab, ko‘p narsani o‘rgandim, - deydi Urgut qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kollejida tahsil oladigan O‘g‘iloy Esanova. - Korxonada amaliyotim davomida nafaqat tikish sirlari, balki ishni tashkil qilishni ham o‘zlashtirayapman. Kelasi yili o‘qishni tugatgach, o‘zim ham tikuv sexi tashkil qilish niyatim bor.
Tadbirkorlar bilan suhbatlasharkanmiz, ular "O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan" belgisi bugun xaridorlarni cho‘chitmayotganligini aytishsa-da, o‘zlari uni yorliqda yozishga e’tiborsizlik qilayotganini kuzatdik. 16 yoshidan beri tadbirkorlik qilayotgan ba’zi korxona egalari esa vaqtida o‘qishga e’tibor bermagani, xususan, til o‘rganmaganidan afsuslanayotganini bildirishdi. "Agar til bilganimizda hozir ishimiz ko‘lamini bundan 2-3 baravar ko‘paytirardik", deya tan oldi 30 yoshli tadbirkor.
Muammolarini tahlil qila oladigan, yutug‘i omilini mashhur Urgut bozorida deb biladigan bu tadbirkorlar haq albatta. Xaridorning talabi, marketingni yaxshi o‘zlashtirgan tadbirkorgina faoliyatida muvaffaqiyat qozonadi. Bunday korxona egasi yaratgan ish o‘rni ham qog‘ozda emas, amalda bo‘ladi.
Gulruh MO‘MINOVA,
"Zarafshon" muxbiri.