Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Isroil G‘azoda BMT insonparvarlik karvoniga hujum uyushtirdi. Saratonga qarshi birinchi vaksina sinaldi
🔹 Rossiya hukumati hozir Kursk operatsiyasi fonida yangi ko‘ngilli hududiy mudofaa bo‘linmalarini yaratmoqda.
🔹 Rossiya prezidenti Vladimir Putin 3 sentyabr kuni ilk bor Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud buyrug‘i bilan hibsga olishi shart bo‘lgan mamlakatga tashrif buyuradi. Sud bolalarni Ukrainadan noqonuniy deportatsiya qilish uchun hibsga olish orderi chiqargan edi. Putin tashrif buyuradigan Mo‘g‘uliston, Rim statutini imzolagan davlat sifatida, Xalqaro sud buyrug‘ini bajarishga majburdir.
🔹 Turkiyada bugun, 30 avgust kuni mamlakat milliy bayrami — G‘alabaning 102 yilligi keng nishonlanmoqda.
🔹 Ukraina qurolli kuchlari bugun ertalab Moskva yaqinidagi Kaluga shahriga hujum qildi.
🔹 Yaqin kelajakda AQSh va Xitoy Hind-Tinch okeani mintaqasida keskinlikni kamaytirish uchun yuqori darajadagi harbiy aloqalarni o‘tkazishga tayyorlanmoqda.
🔹 O‘tgan yili Kanada taygasining keng hududlarini qamrab olgan ulkan o‘rmon yong‘inlari atmosferaga me’yordan bir necha baravar ortiq uglerodni chiqargan. 2023 yilda Kanadadagi yong‘in chiqindilari AQSh, Xitoy va Hindistondan tashqari barcha sanoat mamlakatlaridagi chiqindilardan oshib ketgan. Olimlar bunday issiq va quruq yoz oylari 2050 yillarga borib odatiy holga aylanib, o‘rmon yong‘inlarining ko‘payishiga va shu tariqa global iqlim o‘zgarishini tezlashishiga olib kelishidan xavotirda.
🔹 Isroil harbiylari G‘azo sektori janubida gumanitar yordam olib ketayotgan karvon tarkibida harakatlanayotgan BMT avtomobiliga havo hujumi uyushtirdi.
🔹 Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Bryusseldagi norasmiy yig‘ilishda Nikolas Maduroni Venesuelaning demokratik yo‘l bilan saylangan prezidenti sifatida tan olmaslikka kelishdi.
🔹 Londonlik 67 yoshli erkak saratonning eng xavfli turiga qarshi dunyodagi birinchi vaksinani oldi. Shuningdek, navbatdagi ro‘yxatda 7 davlatdan: Buyuk Britaniya, AQSh, Turkiya, Vengriya, Ispaniya, Germaniya va Polshadan yana 130 nafar bemor bor. BNT116 bir martalik vaksina bo‘lib, u kimyoterapiyadan farqli o‘laroq, bemorning sog‘lom hujayralariga zarar bermasdan, faqat saraton hujayralariga hujum qiladi.