Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Isroil Hizbullohga o‘t ochishni to‘xtatish shartini aytdi

🔹 Isroil, Livan janubida o‘t ochishni to‘xtatish sharti sifatida Hizbulloh harakati qurollarini tashlab, kuchlarini ikki davlat chegarasidan shimolga olib chiqishini talab qilmoqda.

🔹 Ukraina 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan erkaklarni frontga safarbar qilishni taqiqladi.

🔹 Qo‘shma Shtatlar va arab davlatlari Eron bilan urushning barcha jabhalarida bir vaqtning o‘zida sulhga erishish uchun muzokaralarni boshladi. Bu haqda Isroil telekanali xabar berdi. Xabarlarga ko‘ra, hozirda Isroil muzokaralarda ishtirok etmayapti, biroq Isroilning yuqori martabali rasmiylariga ular haqida ma’lumot berilgan.

🔹 Amerikalik milliarder va tadbirkor Ilon Mask Demokratik partiya nomzodi Kamala Xarris AQSh prezidentligi saylovlarida g‘alaba qozonsa, qamoqqa tushishi mumkinligini tan oldi.

🔹 Shimoliy Koreya harbiylari mamlakat janubiy chegarasini "qal’a"ga aylantirish uchun Janubiy Koreyaga kiruvchi barcha avtomobil va temir yo‘llarni yopishga qaror qildi.

🔹 Yaponiyaning yangi bosh vaziri parlament quyi palatasini tarqatib yubordi - u buni lavozimga kirishganidan 8 kun o‘tib amalga oshirdi. Urushdan keyingi Yaponiyada hech kim palatani bunchalik tez tarqatib yubormagan.

🔹 Rossiya hukumati Ukrainaning bosib olingan hududlarida rekord miqdorda soliq yiqqani aytilmoqda. Joriy yilning deyarli to‘qqiz oyida Lugansk, Donetsk, Zaporoje va Xerson viloyatlari byudjetlariga soliq tushumi, shaxsiy daromad solig‘i kabilardan 118 milliard rubl tushgan.

🔹 Armanlar orasida kuzgi keskinlik: “Muqaddas kurash” harakati yetakchisi Bagrat Galstanyan Armaniston Bosh prokuraturasi binosi yaqinidagi mitingda Bosh vazir Nikol Pashinyanni Qorabog‘da “genotsid va etnik tozalashda qo‘li borligida" ayblab, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishni talab qildi.

🔹 Eronda ikki kun ichida turli qamoqxonalarda 30 kishi, jumladan, 3 nafar ayolga nisbatan o‘lim jazosi ijro etildi. Shu fonda mamlakat bo‘ylab 22 qamoqxonada ochlik e’lon qilingan. 2023 yilda Eronda qatl etilganlar soni 500 dan oshgan.

🔹 AQSh ma’muriyati Eron va Livandagi Hizbulloh harakati bilan ziddiyat kuchaygan bir paytda Isroil rahbariyatining harakatlaridan xavotir bildirmoqda. Amerikalik rasmiylar o‘zlarining isroillik ittifoqchilariga ishonchini yo‘qotmoqda, chunki ular Vashington bilan kelishilmagan holda bir necha bor harbiy amaliyotlar bo‘yicha qarorlar qabul qilgan.