Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Janubiy Koreya prezidenti yana harbiy holat e’lon qilishi mumkin. Isroil Qohirada HAMAS bilan muzokaraga tayyorlanmoqda
🔹 Janubiy Koreyadagi hukmron partiya vakili OAVga mamlakat prezidenti yana harbiy holat e’lon qilishi mumkinligini taxmin qilgan va Yun Sok Yol vakolatlarini muddatidan oldin to‘xtatib turish lozimligini aytgan. Janubiy Koreyada bir hafta ichida ikkinchi marta harbiy holat joriy etilishi mumkinligi haqidagi fikr allaqachon tarang holatdagi mamlakatni sarosimaga soldi. Asosiy fond indekslari tushib ketdi. Mudofaa vazirligi harbiy holat bilan bog‘liq hech qanday chora ko‘rilmagani va xavotirga sabab yo‘qligini ma’lum qildi. Prezidenti Yun Sok Yol chorshanba kuni harbiy holat bekor qilinganidan beri omma oldiga chiqmadi.
🔹 Isroil rahbariyati Misrning yangi taklifini muhokama qilgan va kelasi hafta boshida Qohiraga muzokaralar guruhi yuborishga qaror qilingan. Qatar va Misr vositachilariga ko‘ra, HAMAS garovga olinganlarni ozod qilish masalasini muhokama qilishga tayyor. Ayollar, bolalar, yarador va og‘ir kasallarga ustunlik beriladi. Almashishning aniq shartlari hozircha oshkor etilmagan.
🔹 Bag‘dodda Iroq, Suriya va Eron tashqi ishlar vazirlarining uch tomonlama uchrashuvi boshlandi. Muzokaralarning asosiy kun tartibi Suriyadagi voqelar bo‘ladi.
🔹 Rossiyada kurerlik - yetkazib berish xizmati eng yuqori haq to‘lanadigan sohalardan biriga aylandi. 2024 yilning yanvar-noyabr oylari uchun kurerlarning o‘rtacha daromadi oyiga 115 ming rubldan oshdi, bu shifokorlar, o‘qituvchilar va hattoki ayrim IT mutaxassislarning maoshidan ham yuqori.
🔹 Amerikalik tadbirkor va milliarder Ilon Mask Donald Trampning prezidentlik kampaniyasiga taxminan 260 million dollar sarmoya kiritgan. Saylovdan so‘ng Mask Tramp atrofidagi asosiy shaxsga aylandi, uning qarorgohiga muntazam tashrif buyuradi. Manbalarga ko‘ra, u amalda ma’muriyatning norasmiy maslahatchisiga aylangan.
🔹 Gruziyada muxolifat uyushtirgan norozilik namoyishlari deyarli bir haftadan beri tinmay, poytaxt va mamlakatning boshqa shaharlarini qamrab oldi. Muxolifat o‘tgan parlament saylovlari natijalarini bekor qilib, barcha demokratik me’yorlarga rioya qilgan holda qayta saylov o‘tkazishni talab qilmoqda.
🔹 Eron Tashqi ishlar vazirligi Ukrainani Suriyadagi terrorchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga chaqirib, bu kabi harakatlar terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga zid ekanini aytdi.
🔹 Mexiko shahrida qondagi infeksiya 13 bolaning hayotiga zomin bo‘ldi. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi Mexiko shtatidagi to‘rtta kasalxonada 14 yoshgacha bo‘lgan 20 nafar bemor kasallik yuqtirgani, ulardan 13 nafari vafot etgani haqida xabar berdi. Ushbu epidemiya vena ichiga yuborilgan parenteral oziqlantirish eritmalari yoki ularni yuborish uchun ishlatiladigan ifloslangan asbob materiallari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin", deyiladi bayonotda.
🔹 Vaqtinchalik yoki doimiy ravishda ko‘chib o‘tish uchun joy tanlashda odamlar asosan mamlakatda yashash narxiga e’tibor berishadi. 2024 yilda muhojirlar uchun dunyodagi eng arzon 10 ta davlatni InterNations aniqladi: ulardan birinchi o‘rinda Vetnam, ikkinchi Kolumbiya va uchinchi Indoneziya, shuningdek, Panama, Filippin, Hindiston, Meksika, Tailand, Braziliya, Xitoy ko‘rsatilmoqda. Yevropa davlatlari orasida xorijliklar uchun eng arzon yashash joyi Portugaliya va Ispaniyada – ular mos ravishda 13 va 14-o‘rinlarni egallagan.