Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishga ishora qilmoqda. JSST ehtimoliy pandemiyalar va "Covid-19" qurbonlari haqida bayonot berdi
🔹 AQSh rasmiylari Eron Donald Trampga suiqasd uyushtirishni rejalashtirayotgani haqida bir necha hafta oldin ma’lumot olganini ma’lum qildi. Tehron AQShning Donald Trampga suiqasd uyushtirishga aloqadorligi haqidagi ayblovlarini rad etdi.
🔹 AQSh prezidenti Jo Bayden agar shifokorlar uning sog‘lig‘ida muammo borligini aniqlasa, prezidentlik poygasidan chiqishini aytdi. AQSh Demokratik partiyasining yirik homiylari partiya Jo Bayden o‘rniga prezidentlik saylovlarida yangi nomzod topmaguncha, 90 million dollarlik mablag‘ o‘tkazishni to‘xtatib qo‘ygan.
🔹 AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp Ukrainadagi urushni tugatish rejasi doirasida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish masalasini ko‘rib chiqayotganini aytdi. "Bloomberg"ga bergan intervyusida Tramp sanksiyalar tarafdori emasligini, chunki ular mamlakatlarni AQShdan uzoqlashtirayotganini ta’kidlaydi". Uning fikricha, dunyo AQShning amaldagi prezidenti Jo Baydenning “Rossiya va Xitoyni turmush qurishga majburlagan” xatti-harakatlari tufayli yanada xavfli tus oldi.
🔹 Olimlar odamlarni OIV infeksiyasidan 100 foiz himoya qiladigan va virusning organizmda ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaydigan dori yaratdi. Sinovning yakuniy bosqichi allaqachon yakunlangan va 100 foiz o‘zini oqlagan. OIVning to‘liq oldini olish uchun yiliga ikki marta ukol qilish kifoya qiladi. Bitta in’yeksiya 21 125 dollar turadi, ammo olimlar narx masalasini hal qilishga umid qilmoqda.
🔹 Germaniya 2025 yilda Ukrainaga harbiy yordamni ikki baravar kamaytirishni rejalashtirmoqda. Germaniya hukumati bir necha oy davom etgan munozaralardan so‘ng bugun 2025 yilgi byudjetni tasdiqlashi kutilmoqda.
🔹 Dunyoda har qanday vaqtda yangi pandemiya boshlanishi mumkin. Bu haqda JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus ogohlantiradi. "Hozirgi (parranda grippi) H5N1 epidemiyasi keyingi pandemiya har qanday vaqtda paydo bo‘lishi mumkinligini eslatib turibdi", deydi bosh direktor. Shuningdek, u xavf guruhlari kamida bir marta COVID-19 ga qarshi emlash zarurligini eslatadi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har hafta o‘rtacha 1,7 ming kishi koronavirusdan vafot etadi.
🔹 Yaponiya hukumati Rossiya Federatsiyasining muzlatilgan aktivlaridan foydalanish hisobiga Ukrainaga taxminan 520 milliard iyena (taxminan 3,3 milliard dollar) ajratmoqchi.
🔹 Comex birjasidagi savdolar chog‘ida oltin narxi yangi tarixiy cho‘qqiga yetdi.