Xorijdan nimalarni o‘rganishimiz mumkin?
“Zarafshon”da (2019 yil 31 yanvar, 13-son) chop etilgan “Ta’lim tizimiga xorij «xamirturush»i zarur” sarlavhali maqolada Samarqand davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor Rustam Xolmurodov ta’lim tizimimizda xorij tajribasini qo‘llamasdan turib, rivojlanishni, o‘zgarishlarni tasavvur qilish qiyinligini ta’kidlagan. Men o‘z misolimda bu fikrlar qanchalik asosli ekanligini bayon qilmoqchiman.
Samarqand davlat universiteti va Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida o‘rtasida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvga asosan 2018 yilning noyabr-dekabr oylarida MDU tarix fakultetida ilmiy stajirovkada bo‘ldim. Mutaxassisligim bo‘yicha Yevropa va Amerika davlatlarining yangi va eng yangi tarixi kafedrasida germanist tarixchi professor A.Yu.Vatlin rahbarligida rejaga kiritilgan vazifalarni bajardim.
Har bir oliy o‘quv yurti oldiga avvalo malakali mutaxassislar tayyorlash vazifasi qo‘yiladi. Bu vazifani bajarishda har bir oliygoh o‘z yo‘li va imkoniyatiga qarab ish tutadi. Albatta, 1755 yilda asos solingan MDU bilan 1927 yilda tashkil etilgan SamDUni tenglashtirish qiyin. Ammo ilg‘or, ibratli tomonlaridan o‘rnak olib, imkoniyatimiz darajasida o‘zimizda tatbiq etmasak universitetimizning salohiyati o‘zidan-o‘zi ko‘tarilmaydi (Darvoqe, Samarqand davlat universiteti salohiyatini ko‘tarish uchun Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori ham qabul qilindi).
Mamlakatimizda jahon tarixi sohasi, ayniqsa uning Yevropa va Amerika tarixiga doir yo‘nalishida (Sharqshunoslik sohasida maxsus institutlarimiz bor har qalay) katta uzilish bo‘lish xavfi bor.
MDUda esa 37 nafar o‘qituvchi bo‘lgan kafedarning barcha xodimlari Yevropa va Amerika mamlakatlari tarixi bo‘yicha mutaxassis. Bitta fanni 2-3 nafar o‘qituvchi o‘z sohalariga qarab bo‘lib o‘qitadi. Nazorati esa umumiy. Talabalar ham har bir mamlakat tarixi bo‘yicha maxsus kurslarni eshitadi. E’tiborlisi, har bir kafedraning o‘z kutubxonasi mavjud. Unda kafedra fanlariga doir maxsus adabiyotlar, hatto chet tillaridagilar saqlanar ekan. Eski nashrdagi hamma kitoblar saqlanib qolingan, yangi kitoblar uchun alohida burchak ajratilgan. Kafedra loborantlari va a’zolari belgilangan kunlarda navbatchilik qiladi.
III kurs talabalarining kurs ishi himoyasida qatnashib hayratda qoldim. Talabalar rus va chet tillaridagi manba, adabiyotlardan foydalanar ekan. Himoya uchun bir kun emas, ikki hafta muddat ajratilgan. Ishni tugatgan talaba opponent ishtirokida himoyaga chiqadi. Ishga juda mas’uliyat bilan yondashiladi. Bu jarayonni men ilmiy tadqiqot ishining dastlabki bosqichi deb baholagan bo‘lardim. Tan olish kerakki, bu kurs ishlari darajasi bitiruvchilarimizning malakaviy ishlari bilan tenglasha oladi.
Moskvalik talabalarning malakaviy bitiruv ishlari bilan ham tanishib chiqdim, professionallik bor. Bitiruv ishi yoqlagan talaba tadqiqot ishlarining hamma ikir-chikirlaridan voqif bo‘ladi. Ilmiy ish qilish ko‘nikmasini o‘zlashtiradi. Mavzuni tanlashdan boshlab evristik jarayonlar, ilmiy adabiyotlarni o‘rganish va muammolarni aniqlash, materiallarni yig‘ish va ularning tahlili, shuningdek, tarixiy tanqid usullaridan xabardor bo‘larkan.
Shu yo‘sinda magistrlik dissertatsiyasini yoqlagan talaba ilmiy tadqiqot yo‘lidagi bosqichlardan o‘tgan bo‘ladi. Aspiranturaga kirsa nomzodlik dissertatsiyasini tayyorlashda qiynalmaydi.
Bizda esa ilmiy tadqiqot degan tushunchaning dastlabki bosqichi yo‘qolib bormoqda.O‘quv dasturidan kurs ishlari olindi. 2018-2019-o‘quv yilida malakaviy bitiruv ishlari ham o‘quv yuklamasidan olib tashlandi. Emishki, talabalar internetdan olgan materialni bitiruv ishi sifatida topshirmoqda Bu burgaga zarda qilib ko‘rpani yondirish bilan barobar.
Nahotki, bu vaziyatdan chiqishning boshqa yo‘li bo‘lmasa. Ilmiy rahbarlar, taqrizchilar, qolaversa, himoyani o‘tkazadigan attestatsiya komissiyalari mas’uliyatini oshirish mumkin edi-ku.
Muammoning yechimi uchun yana bir taklif kiritish mumkin. Iqtidorli talabalar uchun ixtisoslashtirish II kursdan boshlansa. Talabaga o‘zini qiziqtirgan mamlakat tarixini qo‘shimcha tarzda mustaqil o‘zlashtirish bilan birga o‘sha mamlakat tilini o‘rganish uchun ham imkoniyat yaratish zarur. Bunday yoshlar har bir guruhdan 3-4 nafar chiqishi mumkin. Ilmiy ko‘nikmalarni egallash uchun guruhdagi o‘rtacha 5 talabaga kurs ishi yozish yuklamasi ajratilsa. O‘sha iqtidorlar tadqiqotga tortadigan mavzulardan malakaviy bitiruv ishlari yozsin. Ularga imtiyoz tariqasida magistraturaga kirishga yo‘llanma beraylik. Chet tillarini puxta o‘rgansin.
Magistraturani muvaffaqiyatli bitirgan layoqatlilarni chet elga yuborish kerak. O‘shanda jahon tarixi kafedrasida soha bo‘yicha mutaxassislar ishlaydi va keyinchalik kadrlar o‘zimizda tayyorlanishi mumkin.
Behzod To‘raqulov,
SamDU Jahon tarixi kafedrasi dotsenti.