Xushxabar: «Dinamo»da yangi homiy va ispaniyalik murabbiylar paydo bo‘lishi mumkin

Superligadagi yurishini to‘xtatgan Samarqandning «Dinamo» jamoasiga Ispaniyadan murabbiy kelishi va «Al Maktoum» fondi jamoaning titul homiysiga aylanishi mumkin, deya xabar bermoqda «Tribuna.uz» internet nashri.

Viloyat hokimi E.Turdimov ispaniyalik mutaxassislar bilan o‘tkazgan muzokaralardan so‘ng klubga ispaniyalik murabbiylarning ish boshlashiga rozilik bildirgan. Shuningdek, BAA amiri Muhammad ibn Rashid Al Maktumga tegishli «Al Maktoum» fondi ham Samarqandda futbolni rivojlantirish loyihasini amalga oshirishga qiziqish bildirgan. Mazkur fond Madridning «Real» klubi bilan hamkorlikda Samarqandning «Dinamo» klubiga Ispaniyadan murabbiy yuborish bilan birga ular maoshining yarmi ham to‘lab beriladi.

Kelishuvga ko‘ra «AI Maktoum» fondi vakillari fevral oyida kelib «Dinamo» bosh jamoasi va klub akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishadi. Aynan mana shu tashrif vaqtida qo‘shimcha shartnomalar ham imzolanishi mumkin. «Al Maktoum» fondi Samarqandning «Dinamo» klubiga titul homiysi bo‘lishi ham istisno qilinmayapti.