Xususiy tibbiy klinikalar talabga javob beradimi?
Prezidentimizning 2017 yil 1 apreldagi «Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga asosan, tibbiyotda xususiy sektorni rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashishni kuchaytirish hamda ularda aholiga yuqori texnologiyali sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Xorijdan investitsiya va yuqori malakali mutaxassislar jalb etishni kengaytirish, shuningdek, tibbiy turizm va tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda viloyatimiz tadbirkorlari tomonidan 400 dan ortiq nodavlat tibbiy muassasalar tashkil etilib, ularning 76 tasi statsionar, 336 tasi esa ambulator sharoitida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan jahon standartlari talabiga javob beradigan 500 ga yaqin zamonaviy yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar olib kelindi.
Yuqori malakali mutaxassis-shifokorlar mehnat qilayotgan mazkur tibbiyot muassasalarida 11 ta kompyuterli tomografiya, 6 ta magnitli-rezonansli tomografiya, 12 ta raqamli rentgenografiya, 146 ta stomatologik asbob-uskuna, shuningdek, 112 ta elektrokardiogramma, 67 ta yarimavtomat analizator, 47 ta IFA, 68 ta UZI, 17 ta EGG, 16 ta ExoEG, 7 ta audiometriya, 268 ta fizioterapevtik apparatlar, 12 ta oftalmologik mikroskop, 1 ta kosmetologik uskuna jamlamasi hamda 3 ta reanimobil tipidagi tez tibbiy yordam avtomashinasi kabi yuqori texnologiyali diagnostika va davolash asbob-uskunalar bilan ta’minlangan.
Prezident farmoniga asosan 2022 yil 1 yanvargacha xususiy tibbiyot muassasalarini (stomatologiya va kosmetologiyadan tashqari) barcha turdagi soliqlardan va majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod qilingan. Bu mablag‘lar esa xususiy tibbiyot muassasalarni moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, jumladan, tibbiy jihoz va uskunalar, ehtiyot qism va boshqa tibbiy mahsulotlar sotib olish uchun sarflanishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari tadbirkorlar oldiga aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni tashkil etish qo‘yilgan.
Qishloq joylarda tashkil etilgan yangi mikrofirma va kichik korxonalar ro‘yxatga olingandan boshlab 10 yil muddatga yagona soliq to‘lovidan ozod etiladi. Tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan tibbiy asbob-uskunalar bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan. Tijorat banklariga xususiy tibbiyot korxonalariga uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratiladi. Aholiga xususiy muassasalarning xizmatlaridan foydalanish uchun iste’mol kreditlari taqdim etish ham rejalashtirilgan.
Shuningdek, tibbiy sug‘urta tizimini keng joriy etgan holda, aholiga davlat tomonidan ko‘rsatiladigan kafolatli bepul tibbiy yordami bilan birga sifatli va arzon maslahat-tashxis, davolash, sog‘lomlashtirish va boshqa turdagi tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadigan pulli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlari berildi.
Yaratilayotgan shuncha imkoniyatlarga qaramasdan ayrim jismoniy va yuridik shaxslar tibbiy faoliyat uchun litsenziya olmasdan ishlayotganligi holatlari kuzatilmoqda. Jumladan, yaqinda mutaxassislarimiz tomonidan o‘tkazilgan monitoringda Urgut tumanidagi «Akramov Firdas biznes» MChJda tegishli ruxsatnoma (litsenziya) olmasdan stomatologiya yo‘nalishi bo‘yicha aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatayotganligi ma’lum bo‘ldi. Natijada xususiy korxona faoliyatiga chek qo‘yilib, uning rahbari va xodimlariga noqonuniy ishlash yomon oqibatlarga olib kelishi, aholiga sifatsiz tibbiy xizmat ko‘rsatilishi tufayli ayrim xavfli, yuqumli kasalliklar tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlab o‘tildi. Ularga qonuniy faoliyat ko‘rsatishlari uchun litsenziya olishda yaqindan yordam ko‘rsatish ham ko‘rsatib o‘tildi.
Ayrim yurtdoshlarimiz xususiy tibbiyot muassasalariga borganida, ularning olib borayotgan tibbiy faoliyat turiga maxsus ruxsatnomalarini talab qilishga haqqi borligini eslatib o‘tmoqchimiz.
Olimjon XO‘JAMOV,
viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi
litsenziyalash va akkreditatsiyalash
sektori bosh mutaxassisi.