“Yadroviy hujumga tayyorlaning”: 60 yil avval dunyo qanday qilib uchinchi jahon urushi yoqasiga kelib qolgan edi?
Bundan 60 yil muqaddam, 1962 yilning oktyabrida Ikkinchi jahon urushi dahshatlaridan qutulishga ulgurmagan insoniyat yana global mojaro yoqasida, bu safar butunlay boshqacha tartib qarshisida qoldi. Qo‘shma Shtatlar SSSR Kubada bir necha daqiqada Amerika hududining istalgan nuqtasini nishonga olishga qodir yadroviy raketalarni joylashtirganini aniqladi. Vashington generallari qat’iy javob berishga chaqirishdi: Kubaga keng ko‘lamli bostirib kirish va oroldagi sovet pozitsiyalarini yo‘q qilish. Moskva, shuningdek, amerikaliklar bilan yadro urushigacha bo‘lgan eng salbiy ssenariyga tayyorlanayotgan edi. Dunyo falokatdan bir qadam narida turardi.
Yangi kuch
AQShning Florida shtatidan atigi 180 kilometr uzoqlikda joylashgan Kuba uzoq vaqtdan beri AQShning kuchli ta’siri ostida edi. 1950 yillarda, Fulxensio Batista hukmronligi davrida u misli ko‘rilmagan darajaga yetdi: amerikaliklar iqtisodiyotning barcha muhim tarmoqlarini nazorat qilar va mamlakat «taqiqlarsiz dam olishni» xohlovchi badavlat AQSh fuqarolari uchun "Amerika fohishaxonasi"ga aylandi. Bu holat ko‘pchilik kubaliklarga yoqmasdi va 1959 yilda Fidel Kastro boshchiligidagi inqilobchilar Batista rejimini ag‘darib tashlashga muvaffaq bo‘lishdi.
Kubaning yangi rahbari radikal qadam tashladi: o‘zining birinchi farmoni bilan xususiy mulkni bekor qildi va amerikaliklarga tegishli barcha yer hamda korxonalarni milliylashtirdi. Bu holat, kutilganidek, Qo‘shma Shtatlarga yoqmadi. Vashington Kuba bilan savdo-sotiqni taqiqladi va diplomatik aloqalarni uzdi. Karib dengizi mintaqasidagi tanglik o‘sishda davom etdi va 1962 yil boshida keskin nuqtaga yetdi: yanvar oyida Kuba Amerika Davlatlari Tashkilotidan chiqarib yuborilib, uni qo‘shni davlatlar qo‘llab-quvvatlashidan mahrum qildi. Ko‘p o‘tmay orol davlatiga qarshi to‘liq embargo joriy etildi.
"Amerika qirg‘oqlari yaqinidagi kommunizm"
Kuba hukumati o‘zining tang ahvolini tushunib, AQShning asosiy raqibi - Sovet Ittifoqidan yordam so‘rashga qaror qildi. O‘sha vaqtga kelib, mamlakatlar o‘rtasida juda yaqin aloqalar rivojlandi, bu asosan mafkuraviy yaqinlik bilan ta’minlandi: Kastro hukumatga kelganidan so‘ng, SSSRda hatto mamlakat nomi hazil bilan "Amerika qirg‘oqlari yaqinidagi kommunizm" deb ataldi.
SSSR Kubani Amerika chegaralaridagi «posti»ga aylantirishidan Qo‘shma Shtatlar qo‘rqib turgan bir paytda, 1960 yilda ommaviy axborot vositalarida sovet qurollarining orolga o‘tkazilishi haqida ma’lumotlar tarqaldi. Moskva "Biz hech qayerga raketa uloqtirmoqchi emasmiz, biz tinchlik tarafdorimiz va hech kimga tahdid qilmaymiz", deya ularni rad etdi.
Yetib olinsin va quvib o‘tilsin
Karib dengizidagi keskinlashuv bilan bir vaqtning o‘zida Qo‘shma Shtatlar va SSSR o‘rtasidagi tanglik ham kuchaydi. Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng, sobiq ittifoqchilar o‘rtasidagi munosabatlar adovatga aylandi. Ikki qudratli davlatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvdan saqlagan yagona narsa bu – ikkalasida ham yadro quroli borligi edi. Shu sababli, kapitalistik va kommunistik tizimlar o‘rtasidagi an’anaviy urush o‘rniga sovuq urush va qurollanish poygasi avj oldi.
Vaziyat 1961 yilda Qo‘shma Shtatlar Turkiyaning Izmir yaqinida SSSRning Yevropa qismiga bir necha daqiqada yetib borishga qodir o‘rta masofali raketalarini joylashtira boshlaganida keskinlashdi. Kuchlar muvozanati buzildi. Moskva yadroviy tenglikni tiklash qat’iy javobni talab qilishini tushundi.
Maxfiy «Anadir» operatsiyasi
Sovet rahbariyati AQShning Kubaga bostirib kirishi vaqt masalasi ekanligiga ishonch hosil qildi. Moskva qat’iy harakat boshladi va Nikita Xrushchev ta’biri bilan aytganda, "amerikaliklar shimiga kirpi qo‘ydi". 1962 yil 21 mayda Sovet rahbari ittifoqchi mamlakatni Amerika tahdididan himoya qilish uchun Kubaga yadroviy raketa va harbiy kontingent yuborishni taklif qildi. Bosh shtab «Anadir» operatsiyasini ishlab chiqdi, uning doirasida Kubaga 44 ming harbiy xizmatchidan iborat harbiy kontingent, 200 ga yaqin yadroviy qurolli raketalar yetkazib berish rejalashtirilgan edi.
Sir fosh bo‘ldi
1961 yildagi muvaffaqiyatsiz aksilinqilobiy urinishdan so‘ng, AQSh Kuba ustidan muntazam ravishda razvedka parvozlarini amalga oshirdi va Markaziy razvedka boshqarmasi Amerika samolyoti tomonidan San-Kristobal hududida olingan sovet ballistik raketalari suratlarini qo‘lga kiritdi.
16 oktyabr kuni bu haqda Kennediga xabar berishdi. Kennedi maxsus inqiroz guruhini chaqirdi, uning a’zolari diplomatiyadan voz kechib, Kubaga to‘liq miqyosda bostirib kirish va Sovet raketa pozitsiyalariga zarba berish choralarini taklif qildi. Muhokamalar bir necha kun davom etdi.
Kuba "karantin"i
20 oktyabrda Kennedi Kubaga dengiz blokadasi e’lon qildi. Ikki kun o‘tib, Amerika prezidenti xalqqa tegishli murojaat bilan chiqdi, ammo murojaatning asosiy «nishoni», albatta, Moskva edi.
Kennedi Qo‘shma Shtatlar Kubada sovet raketalarini topib, hujum qurollarini yetkazishni to‘xtatish maqsadida 24 oktyabrdan orol atrofida 500 millik karantin zonasini e’lon qilganini aytdi. Karib dengiziga yuborilgan AQShning 180 ta harbiy kemasiga Kubaga yo‘l olgan har qanday samolyot va kemalarni to‘xtatish buyurildi.
Bo‘ron haqida ogohlantirish
Sovet hukumati Kennedini “misli ko‘rilmagan agressiv harakatlarda” ayblab, Kuba «karantin»i haqidagi qarorini keskin qoraladi. "Amerika Qo‘shma Shtatlari bunday «avantyura»ga kirishib, jahon termoyadro urushini boshlash yo‘lida qadam tashlayotganini barcha mamlakatlar aniq tushunishi kerak", deyildi bayonotda. Shunday qilib, Sovet qo‘shinlari yuqori jangovar shay holatiga keltirildi.
Norasmiy kanallar
24 oktyabr kuni AQSh Harbiy-havo kuchlari strategik havo qo‘mondonligi yadroviy hujumga tayyorgarlik ko‘rishi bo‘yicha Birlashgan shtab boshliqlari buyrug‘ini Bosh razvedka boshqarmasi (GRU) qo‘lga kiritdi. Yuzma-yuz muloqotni murakkablashtirgan keskinlik kuchaygani bois u norasmiy kanallar orqali o‘tkazila boshlandi. Prezidentning ukasi Robert Kennedi «Chattanuga Times» gazetasining Vashingtondagi muxbiri Charlz Bartlettdan «Soviet Life» muharriri, aslida o‘ziga yaxshi tanish GRUning maxfiy polkovnigi Georgiy Bolshakov bilan uchrashishni so‘radi.
24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Bartlett Bolshakovga Qo‘shma Shtatlar Kubada joylashgan sovet raketalari haqida aniqlik kiritishni xohlashi va vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishdan manfaatdor ekanini aytdi. O‘sha kuni jurnalist va razvedka xodimi o‘rtasida yana bir uchrashuv bo‘ldi, unda Bartlet ushbu kelishuvga Amerika qarashlarini bayon qildi: «Amerika raketalarini Turkiyadan olib chiqish evaziga SSSR ham Kubadan olib chiqadi».
26 oktyabr kuni Xrushchev Kennediga yangi xat yozdi, unda u birinchi marta sovet raketalari joylashtirilganini ochiq tan oldi. Shuningdek, u AQSh Kubaga hujum qilmaslik kafolati va Amerika raketalarini Turkiyadan olib chiqib ketish evaziga qurilmalar demontaj qilinishiga va’da berdi.
"Qora shanba"
Biroq, keskinlik o‘sishda davom etdi. Vashington va Gavananing razvedka hamda harbiy attashelari birin-ketin «AQSh yaqin kunlarda Kubaga bostirib kirishga tayyor»lanayotgani haqida Moskvaga xabar berishdi. Kastro ham xuddi shunday xavotir bildirdi. 27 oktyabr kuni Sovet harbiylari Kuba uzra uchib ketayotgan Amerikaning razvedka U-2 samolyotini urib tushirgach, vaziyat taranglashdi. Vashington «Qirg‘iy»lari Kennedini Kubaga bostirib kirishga, Kastro esa Xrushchevni AQShga oldini oluvchi zarba berishga undar, dunyo yadro urushi yoqasida turar edi.
Ammo ikki qudratli davlat rahbarlari tinchlikni tanlashdi. 27 oktyabrdan 28 oktyabrga o‘tar kechasi Robert Kennedi Sovet elchisi Anatoliy Dobrinin bilan uchrashdi. Prezident ukasi Amerika rahbariyati Kubaga hujum qilmaslik kafolatini berishi va sotsialistik respublikadan dengiz blokadasini bekor qilishga tayyorligini aytdi. Sovet diplomati Turkiyadagi Amerika raketalari taqdiri bilan qiziqqanda, Kennedi Vashington bu masalada ham yon berishga tayyorligiga ishontirdi. AQSh prezidenti ham SSSRga kelishuv tafsilotlari haqida xabar yubordi. Sovet rahbariyati rozi: ertasi kuni Xrushchev KPSS Markaziy Qo‘mitasi Prezidiumi yig‘ilishini chaqirib, darhol Kubadan SSSRning raketalarini olib chiqish haqida e’lon qildi. Tez orada Gavanaga buyruq keldi: qurilmalarni demontaj qilish boshlansin. 20 noyabr kuni Kennedi Kubaning dengiz blokadasi bekor qilinganini e’lon qildi. KPSS Markaziy Qo‘mitasining plenumida so‘zga chiqqan Xrushchev amerikaliklar bilan erishilgan kelishuvlarni Moskvaning g‘alabasi sifatida taqdim etdi.
Yana yadroviy urush yoqasida
60 yildan so‘ng Ukrainada harbiy harakatlar boshlanishi bilan kuchaygan Rossiya va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik beixtiyor Karib inqirozi tajribasini eslashga majbur qiladi. Rossiya rahbari Vladimir Putinning davlat hududini barcha mavjud vositalar bilan himoya qilishga tayyorligi haqidagi so‘nggi so‘zlari G‘arbda yadro qurolidan foydalanish tahdidi sifatida qabul qilindi. Zamonaviy tarixda bunday istiqbol muhokamasi birinchi marta faqat nazariygina bo‘lib qolmayapti.
Karib dengizi inqirozi yubileyidan sal oldin AQSh prezidenti Jo Bayden bugungi voqealar va o‘tmishdagi larzalar o‘rtasida o‘xshashlikni ko‘rsatdi: uning so‘zlariga ko‘ra, 60 yil ichida birinchi marta dunyo yana yadro armageddoni arafasida. Qaysidir ma’noda, vaziyat 1960 yillardagidan ham xavfliroq: o‘sha paytda atom quroli qanchalik halokatli ekanligi va ommaviy qirg‘in urushi dahshati (Xirosima va Nagasaki) xotiralarda hali yangi edi. Hozir tarixning o‘sha qora sahifalarining tirik guvohlari deyarli yo‘q va zo‘ravonlikdan foydalanish ostonasi 60 yil oldingiga qaraganda keng. «Yadro urushida g‘olib yo‘q» degan so‘zlar Moskva va Vashingtondan baralla eshitilsa-da, gap ularning o‘zlari bunga ishonishida.
Gulnora Xoldorova tayyorladi.