Yangi avtovokzal ishga tushgach Samarqanddan Dushanbe va Panjakentga avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Cho‘ponotadagi yangi Samarqand xalqaro avtovokzali ishga tushgach, bir kunda yuz ming yo‘lovchini qabul qilish imkoni paydo bo‘ladi. Bu haqda jurnalistlarga viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Qorjavov ma’lum qildi.

Qorjavovga ko‘ra, xitoylik investorlar bilan tuzilgan loyihaga asosan Samarqand avtovokzali to‘rt gektar maydonda quriladi. Avtovokzal binosidan tashqari, savdo do‘konlari, avtomashinalarni ta’mirlash ustaxonalari, bojxona terminali, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham quriladi.

Ta’kidlanishicha, ikki yil ichida qurib bitkazish ko‘zda tutilgan avtovokzal orqali Samarqand shaharga kiruvchi va chiquvchi hamda viloyatlararo yo‘nalishlardagi avtobuslar qatnovi oshadi. Shuningdek, Tojikistonning Dushanbe va Panjakent shaharlariga ham xalqaro yo‘nalishlardagi avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yiladi.