Yangi qonun bizga nima beradi?

Oliy Majlis Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Xo‘sh, bu yangi qonun bizga nima beradi? Biz ushbu savol bilan Senat a’zosi, viloyat hokimi E.Turdimovga murojaat qildik.

Birinchidan, xususiylashtirish ob’yektlari va xususiylashtirilmaydigan yer uchastkalari hamda xususiylashtirish sub’yektlari doirasi, yer uchastkalarini xususiylashtirish shakllari belgilandi.

Ikkinchidan, bo‘sh turgan yer uchastkalarini, davlat ko‘chmas mulk ob’yektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi, yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha elektron onlayn-auksionda ishtirok etishga doir buyurtma, xususiylashtiriladigan yer uchastkasining qiymatiga doir normalar mustahkamlandi.

Uchinchidan, xususiylashtirilgan yer uchastkalarining huquqiy maqomi belgilandi. Xususan, yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi uchun davlat orderi huquqni belgilovchi hujjat bo‘lib, u xususiylashtiriladigan yer uchastkasining qiymatini to‘lash to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirilganidan keyin bir ish kuni ichida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan beriladi.

Yer uchastkasi unda joylashgan davlat ko‘chmas mulk ob’yekti bilan bir vaqtda xususiylashtirilgan taqdirda, yer uchastkasi va ko‘chmas mulk ob’yektiga bo‘lgan mulk huquqi uchun yagona davlat orderi rasmiylashtiriladi.

To‘rtinchidan, xususiylashtirilgan yer uchastkalari mulkdorlarining huquqlari va majburiyatlari, yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqining xususiylashtirish sub’yektlari bo‘lmagan shaxslarga o‘tishi, xususiylashtirilgan yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqini tugatish, olib qo‘yilayotgan xususiylashtirilgan yer uchastkasining qiymatini aniqlash, uni davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun sotib olish, rekvizitsiya qilish hamda musodara qilishga doir normalar kiritilmoqda.

Beshinchidan, xususiylashtirish sub’yektlariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish mexanizmlari ochib berildi.

Oltinchidan, fuqarolarimiz tomonidan, ularga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish imkoniyati mavjud emas edi. Yer bozorini to‘liq shakllantirishga hamda yer uchastkalarini xususiylashtirishda teng huquqlarni berishga imkon yo‘q edi.

Yangi qonun orqali yerlarni xususiylashtirish uchun arizalarni topshirish va ko‘rib chiqishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilinishi, yer uchastkalarini sotish tartibini optimallashtirish va qarorlar qabul qilishda inson omiliga barham beriladi. 

Bundan tashqari, xususiylashtirilgan yer uchastkalarining qiymatini aniqlashning moslanuvchan tizimi yaratilmoqda, bu esa o‘z navbatida keng qatlamli aholi uchun xususiylashtirishning jozibadorligini va hammabopligini oshirishga imkon beradi, deb hisoblayman. Yana bir muhim jixati, endi yerni ijaraga berish, garovga qo‘yish va sotish mumkin. Bu esa juda katta imkoniyat degani.

Yettinchidan, yangi qonun bilan, xususiylashtirilgan tushgan pul mablag‘larni mahalliy davlat hokimiyati orqali ixtiyorida qolishi nazarda tutilmoqda. Bu esa mahalliy hokimliklarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etishga ko‘mak bo‘ladi.

Hujjatning qabul qilinishi yer bozorining shakllanishi va rivojlanishiga, ko‘chmas mulk bozorining jadal o‘sishiga, aholining kreditga layoqatliligi va mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirishga imkon yaratadi.