Yangi yil archalari qanday o‘rnatiladi? Bu yumushga bugundan e’tibor zarur
O‘tib borayotgan har kun bizni Yangi yil bayramiga tobora yaqinlashtirmoqda. Bu ayyom yoshu-qariga birdek shodlik ulashishi bilan qadrli. Shu sababli unga har yili katta tayyorgarlik ishlari amalga oshiriladi.
Yaqinda joriy yilgi Yangi yil bayrami tadbirlari uchun viloyat mahalliy byudjetidan 1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Tabiiyki, bu mablag‘ evaziga turli ko‘ngilochar tadbirlar qatori bayram archalari ham bezatiladi.
Qadimiy va navqiron Samarqand shahrining qaysi joylarida Yangi yil archalari o‘rnatilish hozircha noma’lum. Biroq bu ishni tegishli tartiblar asosida bajarilishi alohida e’tibor talab qiladi. Negaki, o‘tgan yillar davomida Yangi yil arafasida bezatilgan bayram archalarining yonib ketishi yoki qulab tushishi bilan bog‘liq salbiy holatlar qayd etilib, ijtimoiy tarmoqlarda turlicha tanqidiy fikrlarga sabab bo‘ldi. Shuningdek, fuqarolarning bayram kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani sir emas.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutasaddilarining ta’kidlashicha, Yangi yil archalarini o‘rnatish va bezatishda soha vakillari tegishli tavsiyalarni berishadi. Bayram archalarini o‘rnatishdan oldin va o‘rnatish davrida barcha mutasaddilarga “Yangi yil bayrami archalarining texnik mustahkamligi va yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Yo‘riqnoma"lar taqdim etilgan.