Yangi yil kuni Ishtixonda 3 ta yangi inshoot foydalanishga topshirildi
Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida 3 ta maktabgacha ta’lim muassasasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qiyot mahallasidagi 180 o‘rinli 21-son maktabgacha ta’lim muassasasi mukammal ta’mirlandi, Xalqabod hamda To‘por mahallasida tadbirkorlar G.Zoyirova va Sh.Ikramova tomonidan tashkil etilgan 25 o‘rinli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyat boshladi.
– Tumanimizda maktabgacha ta’lim muassasalarida zaruriy shart-sharoitlarni yaratish, davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari hamda oilaviy uy-bog‘chalarini tashkil etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Ishtixon tumani hokimining o‘rinbosari A.Hasanov. – Mazkur muassasalar barcha zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Oshxona, yuvinish xonasi, yotoqxona va bolalar maydonchalari zamonaviy talablarga mos tarzda bunyod etildi.
Tadbir doirasida oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etish istagida bo‘lgan 40 nafar tadbirkorga tuman hokimligi tomonidan ruxsatnomalar topshirildi.
Boboxon PO‘LATOV.