“Yashil makon” umummilliy loyihasi: Qancha ko‘chat ekildi? Ularni parvarish qilishdan ko‘ngil to‘lyaptimi?
Bir gektar maydondagi daraxtlar bir kecha-kunduzda 220-275 kilogrammgacha karbonat angidrid gazini yutib, 180-215 kilogramm kislorod ajratadi. Bu miqdor o‘rtacha 500 kishini kun davomida kislorod bilan ta’minlashga yetadi. Boshqacha aytganda, to‘rt tup daraxt bir kishining kislorodga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi.
Bu ma’lumotlarni bejiz keltirmadik. Xo‘sh, shunday ekan, viloyatimizda yashil maydonlar yaratish, ko‘chat o‘tqazish, parvarishlash, o‘rmonzorlarni kengaytirish, mavjud yashillik dunyosini muhofaza qilish bo‘yicha qanday ishlar olib borilyapti?
Viloyat Matbuot uyida viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Tolib Boboyev, viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofoza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid Rabbimov va sohaga aloqador boshqa tashkilotlar mas’ullari ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida shu savollarga javob izlandi.
- Viloyat hududida 2022 yil kuz mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 6,342 million tup, 2023 yil bahor mavsumida esa 10,364 million tup mevali, manzaralari daraxt va buta ko‘chatlari ekildi, - dedi T.Boboyev. – Viloyatdagi har bir mahalladagi ko‘chalar va ariqlar bo‘ylari, ko‘p qavatli uylar atrofiga kamida 2 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari, ming tup tut, 5 ming dona terak qalamchalari va 15 mingdan ziyod gul ko‘chatlari ekilib, namunaviy ko‘chalar tashkil etildi.
Viloyatda daraxt ekish va parvarishlashda jamoat ishlari jamg‘armasidan 1,3 mlrd. so‘m mablag‘ jalb qilgan holda 1 260 nafar ishsiz fuqarolarni, birinchi navbatda, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning vaqtinchalik bandligi ta’minlandi.
Viloyatda “Yashil hududlar” salmog‘ini oshirish maqsadida barcha tuman va shaharlarda 2023 yilda jami 15 gektar maydonda “Yashil bog‘lar”, 15 gektar maydonda “Yashil jamoat parklari”, Samarqand shahri va Toyloq tumanida 2,5 gektar mavjud istirohat bog‘lari negizida jamoat parklari tashkil etildi.
Shuningdek, Samarqand shahri Qorasuv massivida mavjud 52 gektar maydonning 38 gektarida “Yangi O‘zbekiston bog‘i”, 14 ta tumanda 13 gektar hokimlik bog‘lari tashkil etildi.
Anjuman davomida mutaxassislar muxbirlarning “Ekilgani yaxshi, uning parvarish qilinishi, nihollarning qurib qolmasligi uchun qanday ishlar qilinyapti”, degan savollariga ko‘kalamzorlashtirish hududlarida sug‘orish tarmoqlari qazilgani, yer osti suv chiqarish quduqlari tiklanayotgani, shaharlar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalariga ko‘chatlarni sug‘orish va parvarishlash ishlarida foydalaniladigan maxsus texnikalar xarid qilinayotgani haqida batafsil javob berdi.
- “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar kuzda ham davom etadi, - deydi viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofoza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid Rabbimov. – Xususan, viloyat bo‘yicha kuzda 6,125 million tup daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi. 54 ta ko‘chatxonalar tashkil etilib, qo‘shimcha 13,5 million tup ko‘chatlar zaxirasi yaratiladi. Shuningdek, 16 ta shahar va tumanda 14,8 gektar hokimlik bog‘lari, 28,4 gektar “Yashil bog‘”lar tashkil etiladi. Masalan, viloyat hududida faoliyat ko‘rsatayotgan sement ishlab chiqaruvchi korxonalari va ularga tutash bo‘lgan hududlardagi 93 gektar maydonda 16 753 dona qayrag‘och, yapon saforasi va aylant kabi daraxt ko‘chatlari ekilib, “Yashil belbog‘” tashkil etiladi.