Yog‘ayotgan yomg‘irmi, loymi?

Kecha, 18 yanvar kuni tongdan tushgacha Samarqand viloyatining aksariyat hududlarida yomg‘ir yog‘di.

E’tiborlisi, ko‘chada soyabonsiz yurgan odamlarning ustidagi kiyimida "loyli" yomg‘irdan dog‘lar paydo bo‘ldi. Shuningdek, avtomashinalarda ushbu holat kuzatildi. Oyna artgich moslamasi bo‘lmagan yoki ishlamay qolgan avtoulovlar, hatto, harakatlanishdan cho‘chib, yo‘l chetida loyli yomg‘irning to‘xtashini kutishga majbur bo‘lishdi.

Rost, 2018 yilning mart oyida Odessa viloyatida sariq qor, Gruziyaning Ajariya mintaqasida qizil qor yoqqani, bunga Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlarida ro‘y bergan qum bo‘ronlari sabab ekanini eshitgandik. Xo‘sh, loyli yomg‘irga nima sabab bo‘ldi?

- 17 yanvar kuni Eron va Ozarbayjon davlatlarida kuchli shamol bo‘lib, atrofni chang-to‘zon qoplagan va havoda tuproqli bo‘ron hosil bo‘lgan, - deydi Samarqand viloyat gidrometeorologiya boshqarmasi boshlig‘i V.Mirzoyev. – O‘sha kuni kechqurun mamlakatimiz bo‘ylab ham 15-20 metr/sekund tezlikda shamol esdi. Garchi bizda yerdan chang ko‘tarilmagan bo‘lsa-da, shamolning ta’sirida atmosferaning yuqori qismida hosil bo‘lgan chang tufayli yomg‘ir o‘ziga xos «loyli» holda yog‘di.

V.Mirzoyev suhbat so‘ngida ko‘pchilik kutayotgan tabiat in’omi – Samarqandda qor yog‘ishi haqida gapirdi. Ma’lumotga ko‘ra, ertaga, 20 yanvar kuni Samarqand viloyatida havo o‘zgarib turadi. Ayrim joylarda yomg‘ir, qor yog‘adi. Harorat 0-5 daraja iliq bo‘ladi. 21 yanvar kuni yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. Kechasi harorat 2 daraja sovuq, kunduzi 0-5 daraja iliq bo‘ladi.

Ishqilib,  oq qor yog‘sin-da!..