Yolg‘on va’da xalq ishonchini yo‘qotmaydimi?

Joriy yilning 21 iyul kuni viloyat teleradiokompaniyasining “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvida Past Darg‘om tumani hokimi Shunqor Xudoyberdiyev, sektor hamda korxona va tashkilot rahbarlari ishtirok etib, aholidan tushgan murojaatlarga javob qaytargan edi. Xo‘sh, o‘tgan vaqt davomida qancha fuqaroning murojaatiga yechim topildi?

Tuman hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, aholidan “Ochiq muloqot” ko‘rsatuviga 44 murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan 39 tasi ijobiy hal qilingan va qolgan 5 ta murojaat o‘rganilmoqda.

Hokimiyat bergan ma’lumotdan so‘ng ayrim murojaatchilar bilan telefon orqali bog‘landik. Past Darg‘om tuman mutasaddilari aholi yo‘llagan murojaatlarning yechimini topishga harakat qilgan. Ammo ayrim tashkilot rahbarlarining e’tiborsizligi oqibatida ba’zi murojaatlar bo‘yicha aholida hanuz e’tirozlar bor.

– Oilam bilan ijarada yashayman, – deydi Qatorterak mahallasida yashovchi Shohsanam Ismatova. – Uy-joy olish uchun to‘rt yildan buyon ariza topshiraman, ammo menga uy berilishi cho‘zilib ketyapti. Shu bois ko‘rsatuv orqali tuman mutasaddilaridan mazkur muammoni hal qilib berishlarini so‘ragandim. Murojaat qilib, to‘g‘ri qilgan ekanman. Besh kun o‘tmasdan uyimizga tegishli tashkilotlardan odamlar keldi va bizga joriy yilning senyabr oyiga qadar uy beriladigan bo‘ldi.

Yana bir murojaat egasi Amir Temur mahallasida istiqomat qiluvchi Shoira Mansurova.

– Tumanimiz hokimidan ikkita muammoni hal qilib berishini iltimos qilgandim, – dedi Sh.Mansurova. – Ya’ni, mahallamizning boshqa joylarida tabiiy gaz bor, ammo bizning ko‘chada yo‘q. Shuningdek, ko‘chamizda ariq yo‘qligi sababli yomg‘irli kunlarda uyimizgacha suv kiradi. Mutasaddilar ko‘rsatuvdan so‘ng kelishdi, biroq masalaga yechim topilmadi. Aksincha, kamchiliklarni bartaraf etishini aytib, ular hal qilindi, degan mazmundagi qog‘ozga (keyingi paytlarda murojaatchilarning bartaraf etilmagan muammosini hal qilindi, deb imzo qo‘ydirish odat tusiga kirdi) imzo qo‘ydirib ketishdi.

Tuman hokimligi bergan ma’lumotda bu murojaatchining muammosi o‘rganilib, o‘z yechimini topgani ko‘rsatilgan.

Past Darg‘om tumanidagi Po‘latchi mahallasida yashovchi Dilbar Yusupova mahallada ichimlik suvi yo‘qligi va quduq suvidan iste’mol qilayotganini aytib murojaat qilgan edi.

– Ochig‘i, biz yashab turgan jamiyatda shu muammoni ko‘tarib chiqishga uyalaman, - deydi u. – Ammo nachora uni hal qilishga menda imkoniyat yetarli emas. Qolaversa, ko‘rsatuv orqali ikki marta tuman hokimiga dardimni aytgan bo‘lsam ham meni eshitadigan odam topilmayapti.

Tuman hokimligidan olgan ma’lumotimizda ham mazkur murojaatchining ishi bartaraf etilgani aytilgan. Shu o‘rinda savol tug‘iladi – “Ochiq muloqot” ko‘rsatuviga tushgan murojaatlarning aksariyatiga yechim topilmasdan “bajarildi, bartaraf etildi”, deya hujjat qilib qo‘yib nimaga erishamiz?

Abdujabbor Po‘latov.