Yomg‘ir sotuvchi

Yomg‘ir sotuvchi degan so‘z quloqqa g‘alati eshitiladi: «Yomg‘irni sotib bo‘larkanmi?

Ha, bo‘larkan. Charlz Xetfild degan kishi ana shunday favqulodda qobiliyati bilan tarixda nom qoldirgan. U 1875 yilda Kanzasda ingliz oilasida tug‘ilgan. Voyaga yetgach, kun kechirish uchun tikuv mashinalari sotish bilan shug‘ullangan. Ammo u yomg‘irni o‘ziga bo‘ysundirish orzusi bilan yashagan. Bo‘sh vaqtida meteorologiya, ximiya va fizikani o‘rgangan. 1902 yilda Charlzning ko‘p yillik mehnati o‘z natijasini bergan. U namni buysundiruvchi usulni kashf qilgan. Uning yomg‘ir chaqiruvchi usuliga 28 modda aralashmasi kirgan. Bu moddalar o‘zaro reaksiya natijasida qizigan va bug‘lanish yog‘in chaqirgan.

Bahslashib o‘tkazilgan birinchi tajribayoq yaxshigina choychaqa keltirgan. Charlz tajribasini ikki yil davomida takomillashtirgach, jiddiy biznes bilan shug‘ullanishga qaror qiladi. Ukasi Pol bilan bir necha gazetalarda reklama berib, Kaliforniyada qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotgan fermerlarga o‘z xizmatini taklif qiladi. Ularga atigi 50 dollarga yomg‘ir yog‘dirib berishini, pulni esa oldindan emas, keyin to‘lashsa ham bo‘lishini aytadi. Bir necha fermer bunga ishonishmasa-da, tavakkal qilib u bilan shartnoma tuzadi. Charlz bir joyda eng baland tepalikni topib, uning ustiga olti metrli yog‘och minora quradi. Uyiga rux idish o‘rnatib, uni namni chaqiruvchi modda bilan to‘ldiradi va olov yoqadi. Atrofga noxush hid taralib, osmonga bug‘ ko‘tariladi. Oradan ikki kun o‘tib qaqroq yerga hayotbaxsh jala quyiladi. Charlz Xutfild uchun pul emas, «Yomg‘ir hukmdori» degan nom muhim edi.

Qurg‘oqchilik hukmron 1915 yilda Kaliforniya shtatidagi San-Diyego hokimiyati Charlzga 10 ming dollarga suv omborini to‘lg‘azib berishni so‘raydi. Morena ko‘li qirg‘og‘ida Charlz o‘zining yomg‘ir chaqiruvchi minorasini o‘rnatadi. Reaksiyani ishga tushiradi. Hamma nafas yutib yomg‘ir yog‘ishini kutadi. 1916 yilda Charlz 25 ming dollarga shartnoma tuzadi. 1928 yilda Kaliforniyada qurigan Katta Ayiq ko‘lini suv bilan to‘ldiradi. Bir yildan keyin Gonduras hukumati uni katta tabiiy yong‘inni o‘chirishga taklif etadi. Bu «Yomg‘ir hukmdor»ning so‘nggi yutug‘i edi. 1929 yilda boshlangan katta inqiroz ko‘psonli qurbonlar qatori Charlz Xetfildni ham bankrotga uchratadi.

1958 yilda 83 yoshida vafot etadi va o‘zining «namni tezlashtiruvchi» usuli sirini hech kimga aytmay ketadi.

T.Shomurodov tayyorladi.