Yosh deputat Senat raisiga agrar sohani raqamlashtirish bo‘yicha taklif berdi
26 avgust kuni “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda “Yoshlar parlamenti”ning o‘rni va istiqboldagi dolzarb vazifalar” mavzusida onlayn davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda Senat raisi, Senat qo‘mitalari raislari, yoshlar masalalari bo‘yicha Senat huzuridagi "Yoshlar parlamenti" a’zolari qatnashdi.
Davra suhbatida Tanzila Norboyeva “Yoshlar parlamenti”ni tashkil qilishdan maqsad haqida to‘xtaldi. O‘zbekistonning amaldagi hukumati oldida turgan qator masalalarni sanab, ularni hal qilishda yoshlarning o‘rni yuqori ekanini ta’kidladi.
- Xalqaro reytinglar, gender tengligi masalalari, bu ko‘rsatkichlarda o‘rnimizni yaxshilash biz uchun juda muhim,, - dedi T.Norboyeva. - Chunki bu orqali O‘zbekistonga kiradigan investitsiyalar oqimini yaxshilaymiz.
Davra suhbatida Samarqand shahar Kengashi deputati Shohrux Alibekov joylardagi internet sifatining pastligi, viloyatlarda IT-markazlar tashkil etish, oliy o‘quv muassasalarida ta’lim uslubi, agrar sohani jadal raqamlashtirish, zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish kabi muhim takliflarini bildirdi.