Yoshlar festivali doirasida yosh cho‘ponlar gulxan atrofida suhbat quradi

Bu haqda Samarqand shahridagi yoshlar markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytildi.

Viloyat hokimi o‘rinbosarlari Xurshid Ochilov va Botir Nurullayev, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Husan To‘xtayev, Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi Zavqiddin Ergashevlar ishtirokidagi tadbirda joriy yilning 11-13 iyun kunlari viloyatimizda "Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!" shiori ostida o‘tkazilishi belgilangan yoshlar festivali doirasidagi tadbirlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlandiki, uch kun davomida sektorlar kesimida sport musobaqalari, muvaffaqiyatga erishgan tadbirkorlar bilan motivatsion uchrashuvlar, intellektual o‘yinlar, harbiy-vatanparvarlik loyihalari, taniqli san’atkorlar ishtirokida gala-konsert dasturlari, kam ta’minlangan oila farzandlarining turistik markazlarga sayohatlari, "Yoshlar daftari"ga kiritilgan yigit-qizlarga uskunalar topshirish marosimlari bo‘lib o‘tadi.

- Bu festivalning avvalgilaridan farqli jihatlari ko‘p, - deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Husan To‘xtayev. – Asosiysi, tadbirlarimizga shu paytgacha e’tibordan chetda qolgan yoshlarimiz taklif qilinadi. Jumladan, “Yoshlar oyligi” doirasida amalga oshirilayotgan “E’tibordagilar” loyihasining davomi sifatida nogironligi bo‘lgan yoshlar o‘rtasida shaxmat musobaqasi tashkil etiladi. Shuningdek, Nurobod tumanida yosh cho‘ponlar gulxan atrofida suhbat qurishadi.

13 iyun kuni festivalning yakuniy gala-konserti bo‘lib o‘tadigan Aeroport maydonida mushakbozlik tadbiri ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.

To‘lqin Siddiqov.