Yurtimizda eng ko‘p eksport hajmini tabiiy gazdan keyin meva-sabzavot mahsulotlari egallaydi
Mamlakat eksport salohiyatini kengaytirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish va byudjetga tushumni ko‘paytirish meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar uchun qay darajada qulay shart-sharoit yaratilgani bilan bog‘liq.
O‘zbekistonda bu borada zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish, eksport qilish tartibini soddalashtirish orqali uning hajmini yuksaltirish, logistika tizimini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda eng ko‘p eksport hajmi bo‘yicha tabiiy gazdan keyingi o‘rinni meva-sabzavot mahsulotlari egallab turibdi. Hozirgi kunda dunyoning 80 ta davlatiga 180 turdagi meva-sabzavot yetkazib berilayotgani ham shundan dalolat beradi.
Samarqand viloyati misolida raqamlarga e’tibor qaratsak, o‘tgan 2019 yilning yanvar-dekabr oylarida jami 227,5 ming tonnadan ziyod meva-sabzavot mahsulotlari 160,5 million AQSh dollariga eksport qilindi (o‘sish sur’ati 115,1 foiz).
Agar meva-sabzavot mahsulotlarining eksport tarkibiga qaraydigan bo‘lsak, 2019 yilning yanvar-dekabr oylarida 110,9 ming tonnadan ko‘proq sabzavotlar (41,3 million AQSh dollariga) yoki 2018 yilning mos davriga nisbatan 27,3 ming tonnadan ko‘p miqdorda eksport qilingan.
Shuningdek, 45,0 ming tonna meva va rezavorlar (45,9 million AQSh dollariga) eksport qilingan bo‘lib, eksport hajmi 2018 yilning mos davriga nisbatan 12,0 ming tonnaga ko‘paygan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 oktyabrdagi “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish mexanizmi ancha soddalashtirildi.
Xususan:
- endi yuridik shaxslar uni dastlabki to‘lovsiz, akkreditiv ochmasdan, bank kafolatini rasmiylashtirmasdan hamda eksport shartnomasini siyosiy va tijorat xavflaridan sug‘urta polisisiz eksport qilishlari mumkin;
- eksportdan tushumlarni o‘z vaqtida ta’minlamagan tashkilotlar nohalol meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilar reyestriga kiritiladi. Eksport qilishda ularga nisbatan 100 foizlik oldindan to‘lov olish talablari qo‘llaniladi;
- tadbirkorlik sub’yektlari ulgurji savdo qilish litsenziyasiga ega bo‘lmasdan, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish huquqiga egadir. Eslatib o‘tamiz, uni to‘liq bekor qilish rejalashtirilmoqda. Yakka tartibdagi tadbirkorlar meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishdan tushgan tushumdan YaST to‘lashlari kerak bo‘ladi;
- eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmaydi (bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfi belgilari aniqlangan holatlar bundan mustasno). Bunda hujjatlarda mavjud ma’lumotlarning ishonchliligi, shuningdek, tovarlarni bojxona chegarasidan noqonuniy olib o‘tish uchun eksport qiluvchi javobgar bo‘ladi.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.