“Zarmitan”, “Zarkent” yoki oltin koni mo‘’jizasi

2009 yilning bahori. Muruntovdagi o‘sha mashhur tilla zavod - 2-sonli Gidrometallurgiya zavodiga ijodiy safardamiz. Yo‘ltanlamas mashinada 4 kishimiz. Egri tog‘ yo‘lining navbatdagi balandligidan pastga tushishimiz bilan tilla zavod butun salobatini namoyon etdi. Go‘yo qarshingda yasab bo‘lmas ulkan kema…

Ekilmagan don unmaydi

- Zavod sobiq ittifoq davrida qurilgan. Endi bunday zavodlarni qurish imkonsiz, - dedi bizga hamrohlik qilayotgan mas’ullardan biri.

- Nega? Axir “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi”ni qurdik-ku, - dedim mas’ulning xulosasiga ensam qotib.

O‘sha kuni eng yaxshi reportajimni tayyorladim. O‘sha kuni eng ko‘p hayratlandim. O‘sha kuni ilk bor “kema”ning palubasida bo‘ldim. O‘sha kuni “kema” boshqaruvidagi o‘zbek yigit va qizlarimiz hali ko‘plab mo‘’jiza yaratishiga imon keltirdim.

Adashmabman. Ekilmagan don unmaydi, deyishadi. O‘sha “kema”dagi yoshlar bugun tajribali konchilar bo‘lishdi. Kombinatdagi mavjud ilmiy salohiyat va izlanishga bo‘lgan ishtiyoq sabab qorako‘z kadrlarimiz konchilik sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shdi, qo‘shyapti ham. Bugun o‘sha mo‘’jizalar og‘ushida tong ottiryapmiz. Qizilqumdagi yagona bo‘lgan gidrometallurgiya zavodi soni uchtaga oshdi. Bir zamonlar bizga hamrohlik qilgan o‘sha mas’ul o‘z yurtiga jo‘nab ketdi. Lekin uning “Endi bunday zavodlarni qurish imkonsiz”, degan gapi safsataga aylandi. Buning uchun uni ayblamayman. Chunki, har qanday yangilik eskilik oldida qarshilikka uchraydi. Faqat o‘sha qarshilikni yengishga bo‘lgan g‘alayonli ishtiyoqqina mo‘’jizalar yaratadi.

Qo‘shrabotdagi mo‘’jiza

Odatda odamzod ikki toifaga bo‘linadi: yaratuvchilar va tilanchilar. Yaratuvchilar jamiyat ravnaqi, xalq farovonligiga xizmat qiladigan bog‘mi, korxonami, yo‘lmi, xullas, shunga o‘xshash nimadir yaratadi. Tilanchilar esa yaratilgan narsalarni yeb bitkazadi. Shuning uchun ham donishmand xalqimizda “Ertaga kim bo‘lishimiz tanlagan yo‘limizga bog‘liq”, degan gap bor.

2010 yili atigi o‘n bir oyda qurilib, foydalanishga topshirilgan 4-Gidrometallurgiya zavodi Navoiy kon-metallurgiya kombinati rahbar-xodimlarining yaratuvchanligidan dalolat beradi. Bir zamonlar Qo‘shrabotning yumronqoziqlar makon qilgan quruq dashtida ulkan zavod qad rostlashi chinakam ma’noda mo‘’jiza edi.

- 2009 yili hozir siz ko‘rib turgan zavod maydonida qurilish ishlari qizg‘in edi, - deya o‘sha davrlarni eslaydi “Zarmitan” koni yetakchi muhandisi Abduhamid Qurbonov. - Temir-beton poydevorlar qo‘yilib, estakadalar ko‘tarilgan. Ulkan avtokranlar o‘rnatilib, murakkab uskunalarni yig‘ish boshlab yuborilgan. Bosh direktor Q.Sanaqulov boshchiligidagi qurilish shtabi a’zolari tinim bilmaydi. Barcha ulkan g‘oya – Qo‘shrabot mo‘’jizasini yaratish bilan ovora. Atrofni texnikalarning shovqini va quruvchilarning ovozi egallagan edi. Bugun esa yiliga 1,8 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega mazkur korxona ko‘z o‘ngingizda turibdi.

Qiyalikda joylashgan mazkur korxonaga ilk bor ko‘zi tushgan odamda o‘zgacha kayfiyat paydo bo‘ladi. Miyangizda oxiri yo‘q savollar va rudadan oltin ajratib olish jarayonni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rish ishtiyoqi ortib boraveradi.

- Bu zavodning odatdagidek tekislikda emas, aksincha qiyalikda barpo etilishi, - dedi 4-Gidrometallurgiya zavodi direktori Asqar Zokirov, - milliardlab mablag‘ va vaqtning iqtisod bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Zavod dunyodagi yetakchi litsenziar kompaniyalar - “Metco Minerals” (Finlandiya), “Krebs” (AQSh), “Falkon” (Kanada) va “GekkoSystems” (Avstraliya) texnologiyalari asosida barpo etilgan. Shuningdek, zavodni jihozlashda Navoiy mashinasozlik zavodida ishlab chiqarilgan jihozlardan ham keng foydalanilgan. Masalan, ushbu zavodda ishlab chiqarilgan diametri 28 metr bo‘lgan quyuqlashtirgich 700 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ning iqtisod bo‘lishini ta’minlagan. Zavodni bunday mahalliy texnologiyalar bilan jihozlash rudadan oltin ajratib olishni 93 foizga oshirib, mahsulot tannarxini 15 foizga kamaytirishga sabab bo‘ldi.

Korxona hududiga kirsangiz o‘zingizni bog‘ qo‘ynida yurgandek his qilasiz. Hamma tomon ozoda, sarishta, obod. Insonni bunyodkorlikka undovchi shiorlar! Ishlab chiqarish jarayonida oddiy tosh maxsus tegirmonlar yordamida yanchilib, paydo qilingan qum zarralariga kimyoviy ishlov beriladi. Undan zum o‘tmay tillo yombilarga aylanib, tayyor mahsulot paydo bo‘ladi. Bu yerda yiliga 1,8 million tonna rudani qayta ishlash mumkin. Korxonadagi hamma jarayon mustaqillik bilan tengdosh yoki mustaqillik kadrlari tomonidan kompyuterlar yordamida boshqariladi. Axir bularning bari mo‘’jiza emasmi?!

 

Suv keltirgan elda aziz

Zarkentliklar 4-Gidrometallurgiya zavodini qadrlashadi. U bilan faxrlanishadi. Chunki, zavodning qurilishi bilan Zarkent o‘zgacha chiroy ochdi.

- Qo‘shrabot tumanida ko‘p yillar davomida asosiy e’tibor chorvachilik va lalmikor dehqonchilikka qaratilganligi sababli, - deydi zarkentlik otaxon O‘ktam Eshatov, - xalqimiz qalbida bu zamin faqat qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashgan hudud, degan fikr shakllanib qolgandi. Shuning uchun 15-20 yillar ilgari kimdir “Bu yerda yaqin kelajakda konchilik sanoati ham rivoj topadi. Bu yerlarda zavodlar barpo etiladi. Ular ishlab chiqaradigan mahsulotlar yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi”, desa ko‘pchilik ishonmasdi. Endilikda bu gaplar ayni haqiqatga aylanmoqda.

Ularning haqiqatga aylanishi ham oson kechayotgani yo‘q. Bu natijalarga keyingi besh yil ichida Prezidentimizning sanoat sohasini rivojlantirish borasidagi tashabbusi va sa’y-harakatlari, Navoiy kon-metallurgiya kombinati rahbariyatining tumanimiz sanoatini hayotga joriy qilish bilan bog‘liq fidoyiliklari tufayli erishilmoqda.

Darhaqiqat, Zarkentda 4-Gidrometallurgiya zavodi, oddiy qilib aytganda, tillo zavodning barpo etilishi qaqrab yotgan adirlar o‘rnini yashillikka burkangan bog‘-rog‘lar egalladi. Birgina o‘tgan yili “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida Janubiy kon boshqarmasi tomonidan Zarkent shaharchasi hududida 6 mingdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari hamda 2 mingga yaqin bo‘tasimon o‘simlik qalamchalari o‘tqazildi.

Shaharchada 875 ta xonadon mavjud bo‘lib, ularda 4 ming 100 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Yillar davomida Zarkentda uy-joylar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari, yo‘l-kommunikatsiya tarmoqlari arxitektura talablari asosida qurilmaganligi mahalla qiyofasiga salbiy ta’sir ko‘rsatibgina qolmay, ko‘pgina muammolarni ham keltirib chiqarardi. Tilla zavodda boshlangan qurilish-bunyodkorlik ishlari bu yerdagi ko‘p qavatli uylar, mahallaning ichki yo‘llari, savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida ham boshlandi.

- Hozir bu yerda qilinayotgan ishlar har qanday kishini shoshirib qo‘yadi, - deydi “Zarkent” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nodira Mirzayeva. - Aholi vakillari, faollar ham shaharchamizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarida faol qatnashmoqda. Shaharchamiz zamonaviy shahar qiyofasiga kirayotganidan hamma xursand.

2008 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda hukumat va kombinat rahbariyati tomonidan Zarkent shaharchasida ishchi-xodimlar va harbiy xizmatchilar uchun 32 ta ko‘pqavatli uy, 3 ta yotoqxona, akvapark, 200 o‘rinli “Konchi” madaniyat uyi, “Yoshlar” sport majmuasi va kafesi, mehmonxona, 50 o‘rinli ishchilar oshxonasi, 14-sonli harbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi qismi binosi va shunga o‘xshash boshqa inshootlar qad rostladi. Shuningdek, 44 ta yosh oilaga ko‘pqavatli uy ham o‘z egalariga topshirildi.

Odamlari kulgan uyga baxt keladi

- O‘zim Toshkentda yashasam-da, Qo‘shrabotda tug‘ilganman, - dedi zaxiradagi podpolkovnik Yoshin Hakimov. – Zarkentda oxirgi marta 20 yil avval bo‘lgandim. O‘shanda xolam to‘y qilgandi. O‘sha paytlar Zarkent ko‘rimsiz bir maskan edi. Uylar betartib qurilgan bo‘lib, qo‘rg‘onda sanoqligina do‘kon bo‘lardi. Ochig‘i, bugungi Zarkentni Qo‘shrabot kengliklari bag‘ridagi haqiqiy mo‘’jiza, desa bo‘ladi. Shaharchada Navoiy kon-metallurgiya kombinati ko‘magi bilan tashkil etilgan bog‘ni aytmaysizmi?! Bu bog‘da barcha yoshdagi odamlarning hordiq chiqarishlari uchun hamma imkoniyatlar yaratilgan. Shaharchada bir tomonda maktabgacha ta’lim muassasasi kichik yoshdagi bolalarga xizmat qilsa, turli o‘yingohlar va stadion yoshlarning sevimli maskaniga aylangan. Soya-salqin oromgohda kattalar va keksalar dam oladi. Savdo rastalari, oshxona va kafelar zarkentliklar hamda mehmonlar uchun xizmat ko‘rsatmoqda.

Zarkentdagi “mukammal asar”

Adabiyotshunoslikda “Mazmun shaklga, shakl esa mazmunga ta’sir ko‘rsatmasdan qo‘ymaydi”, degan qoida bor. Yana ham soddaroq aytganda, asar yozilish uslubidagi boylik uning mazmunan puxtaligidan dalolat beradi. Bugun Zarkentda yurt ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini badiiy jihatdan mukammal asarga o‘xshatasan kishi. Chunki, yaxshi asardan bosh ko‘targing kelmagani singari Zarkent bilan xayrlashish ham osonmas. Xalqi bunyodkorliklar, yaratuvchiliklar, yuksak orzular, maqsadlar bilan yashayotgan maskanda shunday mo‘’jizakor jarayonlarga guvoh bo‘ldik.

 Mansur Husanov.