“Zarnews”ga javob beradilar: “Odamlar nega avtobus so‘rayapti?”
Samarqand viloyat transport boshqarmasi “Zarnews”da e’lon qilingan “Odamlar nega avtobus so‘rayapti?” maqolasi yuzasidan javob yo‘lladi. Boshqarma boshlig‘i I.Xamrayev imzosi bilan kelgan javobda, jumladan, shunday deyiladi:
«Urgut tumani aholisining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojlari o‘rganib chiqilib, 2019 yilda Transport vazirligi tarkibiga kiruvchi “Avtotrans Urgut” davlat unitar korxonasi tashkil etildi va ushbu korxonaga 60 dona avtobus sotib olish uchun “Samarqand avtomobil zavodi” MChJ bilan shartnoma imzolanib, 15 foiz boshlang‘ich badal pul mablag‘lari ko‘chirib berildi. Bugungi kunda bank kreditlarini rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda. Ushbu 60 dona avtobus Urgut tumanining aholisi uchun xizmat ko‘rsatadigan 17 ta yo‘nalishiga joylashtirish rejalashtirilgan.
Jumladan, bu avtobuslar Urgut tumani markazi bilan Samarqand shahrini bog‘lovchi 4 ta avtobus yo‘nalishlari hamda 13 tasi tumanning ichki avtobus yo‘nalishlari tarkibiga kiradi.
Bundan tashqari, 2020 yilda Samarqand viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 yanvardagi PQ-2724-sonli qaroriga asosan 88 ta yangi avtobus sotib olish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 martdagi PQ-3589-sonli qaroriga asosan Jomboy va Oqdaryo tumanlaridan bittadan avtostansiya qurish va 10 ta yangi avtobus yo‘nalishlari tashkil etish belgilangan.
Samarqand shahrida 2022 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Shanxay Hamkorlik Tashkiloti”ning navbatdagi sammitini munosib o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish hamda Samarqand shahri va shahar atrofi yo‘nalishlarini zamonaviy, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan transport vositalari bilan ta’minlash, haydovchilar va texnik xodimlarning malakasini oshirish maqsadida boshqarmamiz mutaxassislaridan iborat transportchilar Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib qaytdi. Viloyatda zamonaviy avtobuslarga servis xizmati ko‘rsatish tizimini joriy etish uchun Xitoy Xalq Respublikasidagi “Foton”, “Yutong”, “Asiastar”, “Zhontongbus” kabi avtomobil zavodlari faoliyatini o‘rgandik va muzokaralar o‘tkazdik.
Unga ko‘ra, 2020 yilda Samarqand shahriga 100 ta katta hajm (9,5 metr) li zamonaviy avtobuslar olib kelish hamda shaharning aeroport, temiryo‘l vokzali va markaziy ko‘chalari orqali harakatlanadigan yo‘nalishlarga joylashtirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Samarqand shahriga qo‘shni viloyatlar, tuman markazlari hamda shaharga yaqin qishloqlardan kirib keladigan transport vositalarida tirbandliklar keltirib chiqishining oldini olish maqsadida shaharning chekka nuqtalarida, ya’ni Samarqand shahrining Cho‘ponota massivida zamonaviy 1 ta avtovokzal, Samarqand tumanining Chumchuqli, Gulobod, Qorasuv massivi hamda Past Darg‘om tumanining Chortut mahallasida bittadan avtostansiya quriladi».