"Zirillama tomonlarda" Yoxud Said Ahmadning "Ufq" romani Kattaqo‘rg‘on sahnasida
Oʻtgan asrning 40-yillari... Tinch, osuda Oʻzbekistonda choʻllarni oʻzlashtirish boshlanib, yangi yerlar ochilayotgan, Katta Fargʻona kanalini xalq hashari bilan qazish ishlariga kirishilgan pallalar.
Vodiyning Zirillama qishlogʻidagi har bir xonadonga ham oʻsha yillari oʻttiz-qirq sotixdan toʻqayzor yerlar oʻlchab berilgan. Maqsad – toʻqaylarni oʻzlashtirib, asrlar davomida qaqrab yotgan yerlarda bogʻ-rogʻlar barpo etish, paxta yetishtirish edi.
Zirillamalik dehqon Ikrom aka ham bu hasharlarda gʻayratu ibrat koʻrsatgan. Uning yagona farzandi – Allohdan tilab olgan Tursunboy esa otasining aksi: erkatoy, tantiq, uyquchi, mehnatdan qochadigan bola. Maktabda nomigagina oʻqigani bois biror kasbga qiziqmay, tanbal, dangasaga aylandi.
1941 yil. Urush boshlandi. Xonadon sohibi Ikromjon aka birinchilar qatori Vatan himoyasiga otlandi. Janggohlarda shijoat koʻrsatib, qoʻmondonlikdan nishonlar oldi. Ammo urush uni ayamadi. Daydi oʻqning ayanchli asorati bois ona qishlogʻi Zirillamaga bir oyogʻini frontda qoldirib qaytdi.
Jang maydonlarida yigitlar jon berib, jon olayotgan yillarda erkatoy Tursunboy qochoq, qoʻrqoq degan nom olib, qishloqdoshlar nazaridan qoldi. Nomard yigit toʻqayga yashirinib, urushga bormadi, front ortidagi qishloqdoshlarining nafratiga uchradi. Tursunboydan Ona ham, boʻlajak kelin Zebi ham yuz oʻgirdi. Eldan ajralgan Tursunboy xoru zor boʻldi.
Said Axmadning “Ufq“ romanida bayon etilgan voqealar zamirida tinchlik, urush, mardlik, sadoqat, farzandlar tarbiyasi mavzulari mujassam. Bu kitob bugun ham kitobxonlar orasida qoʻlma-qoʻl, kitob javonlarimizga fayz kiritib turibdi. Roman asosida telespektakl va sahna tomoshalari ham yaratildi.
Tajribali dramanavis, teatrshunos Maʼmurjon Umarov “Ufq“ romani asosida “Zirillama tomonlarda“ deb nomlangan pesa yozdi.
Mazkur insenirovka yaqinda Kattaqoʻrgʻon shahar drama teatrida sahnalashtirilib, keng jamoatchilik koʻrigidan oʻtkazildi. Yosh, umidli rejissyor Feruzbek Abduraimov va musavvir Azim Rasulovlarning hamkorligi ijobiy samara berganligini alohida taʼkidlash joiz. Spektakldagi Jannat xola, Ikromjon, Tursunboy, Zebi kabi rollarni teatrning yetuk aktyorlari Gulnora Rizayeva, Anvar Qarshiboyev, yosh, iqtidorli artistlardan Jasur Axmatov, Aziza Mamatmurodova va boshqalar qiyomiga yetkazib, talqin etishgan.
Spektaklning keng jamoatchilik koʻrigi qizgʻin bahs-munozaralar uygʻunligida oʻtdi. Unda qatnashgan toshkentlik tajribali rejissyor Tojiboy Isroilov, Oʻzbekiston sanʼat va madaniyat instituti oʻqituvchisi Matluba Isoqova, Kattaqoʻrgʻon shahar madaniyat boʻlimi mudiri Odil Bozorov va boshqalar yangi tomoshani sahnalashtirish jarayonidagi yutuq va kamchiliklar haqida oʻz fikrlarini bayon etishdi.
“Zirillama tomonlarda“ spektakli Yangi yil bayramida tomoshabinlarga tuhfa etilmoqda.
Abduaziz HOSHIMOV.