Bu yilgi “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida Gran-pri sohibiga 10 000 AQSh dollar mukofot puli beriladi

Afrosiyob devoriy suratlarida do‘mbira, qo‘biz, sibizg‘a, chanqovuz, chang, rubob, tanbur, ud singari musiqa asboblarining bo‘lishi yoki vohamizning Mo‘minobod dahasida 3 ming yillik nay cholg‘usining topilishi Samarqand musiqa san’atining qadimiyligidan dalolat beradi.

Samarqandda yuksak rivojlangan og‘zaki an’analarning professional san’ati mavjud. Bu maskanda shashmaqomning ajoyib ustalari, mohir xonanda va sozandalar yetishib chiqqan. O‘zbek mumtoz kuy va qo‘shiqlarining mualliflari Hoji Abdulaziz Abdurasulov, uning shogirdlari Oqilxon, Levicha, Muhiddin Qoriyoqubov, Kamol Hofiz, Ma’rifatxon, Maqsadcha, Yunus Rajabiy, Qori Yunus Yusupov, Sharifjon Akramovlar shular jumlasidandir. O‘sha vaqtlarda Hoji Tam-tam nomi bilan mashhur bo‘lgan Hojiqurbon Homidov ham bir qancha o‘zbek sozanda va xonandalariga murabbiylik qilgan.

Samarqandda sharq navolari qadimdan rivoj topgani, bu hududda ko‘plab millatlarni birlashtirdi. Har ikki yilda o‘tkazilib kelinayotgan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalining nufuzi yildan-yilga oshib, turli millat va elatlar o‘rtasida madaniy ko‘prik vazifasini o‘tab kelmoqda. Zero, musiqa  dillarni dillarga payvand qilib, jonga rohat baxsh etuvchi nafis bir tilki, u tilmoch-u tarjimaga o‘rin qoldirmaydi.

Sharq xalqlarining betakror milliy musiqasi va qo‘shiqlarini keng miqyosda targ‘ib etish, yosh avlodda milliy musiqa san’atiga bo‘lgan muhabbatni kuchaytirish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash hamda ijodiy hamkorlik va madaniy - ma’naviy aloqalarni kengaytirish  "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalining asosiy maqsadlaridan hisoblanadi.

Mazkur nufuzli festivalning Samarqand shahrida o‘tkazilishi bir qator ijtimoiy-siyosiy va madaniy-ma’rifiy sabablarga egadir. Chunonchi,  Samarqand azaldan nafaqat Sharq, balki jahon ahamiyatiga molik siyosiy markaz bo‘lib kelmoqda. U asrlar davomida din va ma’rifat o‘choqlaridan biri sifatida e’tirof etilib kelingan.

Xalqaro musiqiy festival faqatgina ijrochilik mahorati ko‘rigi bilan chegaralanib qolmay, har galgi anjuman doirasida o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy-ijodiy konferensiyalarni ham o‘z ichiga qamrab oldi. Festival doirasida xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazilishi ham an’anaga aylangan. Bu konferensiyalarda Sharq xalqlari musiqa san’atining muhim va dolzarb masalalari yuzasidan ma’ruzalar tinglanadi.

Anjumanlarning birida san’atshunos  Shandor Saboning (Vengriya)  “Venger maqomini tadqiq qilish” nomli ma’ruzasi ko‘pchilikda yangilik sifatida ulkan qiziqish uyg‘otadi. Muallif Venger xalqining uzoq o‘tmishi qadim shumer va ossuriylarning etnik ildizlari bilan tutash ekanligi va o‘z navbatida bu venger madaniy hayotida ham o‘z in’ikosini topib ulgurganligiga urg‘u berdi. U o‘z fikrlarining isboti sifatida Vengriyada keng tarqalgan udsimon, ammo ikki dastali “kobur” (qobuz, kobuz so‘zlaridan kelib chiqqan) cholg‘usida kuylar ijro etib, muayyan taassurotlar uyg‘otdi. Taniqli bastakorning betakror cholg‘usi sadolarini tinglar ekansiz, undagi nola va musiqiy bezaklarning ud va tanburga nihoyatda o‘xshashligini his qildik. 

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 apreldagi qarori bilan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Gran-pri sohibi 10 000 AQSh dollari bilan taqdirlanishi, nominatsiyalarga ham 500 AQSh dollari miqdorida pul mukofotlari berilishi festivalning nufuzini oshayotganidan, unga bo‘lgan e’tiborning kuchayayotganidan dalolatdir.

Shomurod  Mustafayev,

SamDU musiqa ta’limi kafedrasi mudiri

pedagogika fanlari doktori,

Javodbek Kozimov,

SamDU dotsenti.