Samarqandda 107 nafar qarzdor ota aliment to‘lamagani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi
Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan aliment to‘lovlarini undirish va oilalarni yarashtirish yuzasidan 2021 yilda amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shu va boshqa ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda MIBning viloyatdagi tuman va shahar bo‘limlari ish yurituvida aliment undiruvi bilan bog‘liq 32 ming 391 ta ijro hujjati mavjud. Davlatimiz rahbarining 2021 yil 1 martdagi farmoni asosida voyaga yetmaganlarning aliment pullarini hisoblash va to‘lash ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimi yo‘lga qo‘yilishi natijasida ushbu ishlar bo‘yicha 24 ming 662 nafar undiruvchi nomiga shaxsiy bank plastik kartalari ochish bo‘yicha elektron so‘rovnomalar yuborilgan. Yil yakuniga qadar 21 ming 200 ta plastik karta ochilib, egalariga yetkazilgan.
– 2021 yil davomida aliment bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha amalga oshirilgan majburiy ijro tadbirlari natijasida aliment to‘lovchi qarzdorlardan 53,1 milliard so‘mdan ortiq aliment pullari undirib berildi, – deydi MIB Samarqand viloyati boshqarmasi bo‘lim inspektori Maqsud Mamasoliyev. – Mahalla fuqarolar yig‘inlari va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda olib borilgan profilaktik suhbatlar va chora-tadbirlar natijasida 6169 ta oila yarashtirildi. Ishsiz, yordamga muhtoj, og‘ir ahvolga tushib qolgan aliment to‘lovchi qarzdorlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, mahalliy hokimliklar, sektor rahbarlari, bandlik va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda ularning 4914 nafari ishga joylashtirilib, aliment undiruvlari ularning ish haqlarining ma’lum miqdoriga qaratildi.
Shu bilan bir qatorda, aliment to‘lovlarini to‘lashdan muntazam bo‘yin tovlab kelgan jami 747 nafar qarzdor tegishli tartibda ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Anjumanda aliment to‘lovchilarning mas’uliyatini oshirish, ular sonini kamaytirish uchun qilinayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Masalan, aliment pulini kamroq to‘lash uchun ba’zi otalar moliyaviy ahvoli yaxshi bo‘lsa-da, biror korxonada oddiy ishchi sifatida ro‘yxatdan o‘tib, farzandlari uchun ancha kam miqdorda pul to‘layotgani, ba’zilari esa uzoq yillab aliment to‘lashdan qochib kelayotgani holatlari ham aytib o‘tildi. Yosh oilalar xarakterimiz to‘g‘ri kelmadi, deya besh-olti oy ichida ajrashib ketayotgani, keyinchalik xatosini tan olib, yarashib ketish holatlari ham mavjudligi muammo sifatida ta’kidlandi. Shuningdek, o‘tgan yillar davomida aliment puli 150 million so‘mgacha bo‘lib ketgan fuqarolar tomonidan bu pullar farzandlar uchun undirib berilgan holatlar bo‘lgan.