Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand davlat universitetida shpargalkadan foydalangan ikki talaba imtihondan chetlatildi

Samarqand davlat universitetida bakalavriat ta’lim yo‘nalishining bitiruvchi kurs talabalari yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlaridan o‘tkazilmoqda.

– 16 va 17 may kunlari magistratura mutaxassisligi bitiruvchilari attestatsiyadan o‘tkazildi, – deydi universitetning o‘quv-uslubiy boshqarma bo‘lim boshlig‘i Sayfiddin Amriddinov. – 18 may kunidan boshlab bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilari uchun sinov boshlandi. Ular 3 ta fan bo‘yicha imtihon topshirmoqda. Joriy yilning iyul oyida 3-kurs talabalari ham xorijiy tildan yozma ish topshiradi.

Imtihonni shaffof va adolatli o‘tishini yo‘lga qo‘yish maqsadida auditoriyaga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, jarayonni talabaning yaqinlari bevosita kuzatib borish imkoniyatiga ega. Attestatsiyadan o‘tkaziladigan har bir talaba nazoratchilar tomonidan tekshirilib, so‘ngra bino ichkarisiga kiritilmoqda.

Universitetning o‘quv-uslubiy boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, shpargalkadan foydalangan talaba bir marta ogohlantiriladi va qayta takrorlansa, imtihondan chetlatiladi. Bugungacha bunday holat ikki talabada kuzatildi va ular imtihondan chetlatildi.