Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

2019 yil Samarqandda eng ko‘p oilaviy bog‘cha ochildi. 54 nafar mudira bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi

Maktabgacha ta’lim tizimida keyingi ikki yil asosiy e’tibor bolalarning bog‘chalarga qamrovini oshirish, sifatli ta’lim-tarbiya berishga qaratildi. Viloyatda joriy yilning yakunida 3-7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning bog‘chalarga qamrovi 50 foizdan oshdi.

Chekka tumanlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil qilinib, ushbu hudud bolalari ham ta’lim-tarbiyaga jalb qilindi. Urgutning uzoq qishloqlarida bolalarning bog‘chalarga qamrovini oshirish maqsadida modul bog‘chalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilfuza AZIZOVA bilan suhbatimiz tizimda bo‘layotgan o‘zgarishlar, olib borilayotgan ishlar, bolalarning qamrovi, yangi qonun bilan amalga oshirilishi ko‘zlangan rejalar borasida bo‘ldi.

- Bugungi kunda viloyatimizda 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar 323 ming 916 nafarni tashkil etadi, ularning 163 ming 231 nafari 2010 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan, - deydi D.Azizova. – Agar o‘tgan yillar bilan solishtiradigan bo‘lsak, bu ancha quvonarli natija. 2017 yilda 564 ta bog‘chada 305 ming 68 nafar boladan 63 ming nafari  tarbiyalangan bo‘lsa, bugun ular 3,5 barobarga oshdi. Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish borasida 30 dan ziyod qarorlar qabul qilindi. Prezidentimizning 2019 yil 19 dekabridagi «Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida»gi qarori maktabgacha ta’limni har tomonlama rivojlantirishning bir nechta talablarini qamrab oldi. Ota-onalarga qator qulaylik yaratildi, tarbiyachilar mas’uliyati oshirildi. O‘quv-dasturlari uchun davlat standartlari joriy qilindi. Barchasi bolalarning erta yoshdan sifatli ta’lim olishiga qaratildi.

Qonunda  pedagog xodimlarning huquq va majburiyatlari ham belgilandi. Avvallari bog‘chalarda ta’lim va tarbiya ishlari mudira zimmasidagi mas’uliyat bo‘lgan bo‘lsa, bugun bu jarayonga pedagoglar jalb etildi. 

Shuningdek, yangi qonunga ko‘ra, endi maktabgacha ta’lim muassasalarida ham davlat ta’lim standartlari bo‘ladi. Har bir guruh tarbiyachilari nechta so‘z bilishi kerak? Umuman, maktabgacha yoshda nimalarni o‘rganishi mumkin? Barchasi davlat standartlari asosida belgilanadi.

 

Endi ota-onalar ham farzandlariga ta’lim beradi

- Koreyada tajriba almashish asnosida bir jihat e’tiborimni tortdi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida ota-onalar ham farzandlariga turli mavzularda, hattoki, kasbi borasida ham mashg‘ulotlar o‘tishi mumkin. Bu juda yaxshi amaliyot. Bizda ham bog‘chalarda «Buvijonlar maktabi» tashkil etildi. Bunda ota-onalar buvijonlarimizning ibratli hikoyalari, pand-nasihatlari, tarbiyaviy ahamiyatga molik tavsiyalari asosida bolalar bilan suhbat qilishadi. Tarbiyachilar tomonidan tashkil etilgan ochiq mashg‘ulotlarga kuzatuvchi sifatida ota-onalarni ham jalb qildik. Ular tarbiyachilarning ta’lim berish samaradorligini baholaydi.

 

Maqsad tarbiyachini uyaltirish emas, amaliy ko‘mak berish

- Yashirmayman, hali ham bog‘chalarimizda eski tizimda ishlaydigan tarbiyachilar bor. Bugun ta’limda bir qator o‘zgarishlar qilinayapti. Har bir tarbiyachi o‘z ustida ishlashi, yangiliklardan, yangi pedagogik texlogiyalardan xabardor bo‘lishi lozim. Yangilik sifatida bog‘cha tarbiyachilarini uch bosqichda o‘zaro malaka oshirishi bo‘yicha sinov amaliyotini o‘tkazayapmiz. Dastlab tarbiyachilar bog‘chalarning o‘zida bir-biri bilan malaka almashadi. Ya’ni kichik guruh tarbiyachisi katta guruh tarbiyachilariga, yoki aksincha bo‘lib bolalarga saboq beradi.  Keyin bog‘chalar, tumanlar kesimida tarbiyachilar o‘z ishlanmalarini namoyish etadi. Maqsad har bir tarbiyachini o‘z ustida ishlash ko‘nikmasini shakllantirish va zamonaviy ta’lim  ishlanmalarini keng ommalashtirish.

2019 yilda 54 nafar MTT rahbarlari ishdan bo‘shatildi

- Joriy yilning 11 oyi davomida viloyat bo‘yicha 54 nafar MTT rahbarlari bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi, shundan 16 nafari o‘z faoliyati davomida qo‘pol qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan. 116 nafar mudiralarga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

To‘g‘ri, bog‘chalarimizda ham talay muammolar bor. Viloyatimizning chekka hududlarida joylashgan 69 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan, 342 ta bog‘cha ta’mirga muhtoj, 157 ta MTTda burjuyka va golland pechlaridan foydalaniladi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha Investitsiya, «Obod qishloq», «Obod mahalla» va «Obod maskan» dasturlari asosida bosqichma-bosqich ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Asosiysi, bog‘chalarimizda ta’lim va tarbiyaga e’tibor katta. Bolalarni har tomonlama barkamol voyaga yetkazishda barchamiz birgalikda harakat qilayapmiz. Bu albatta, o‘z samarasini bermay qolmaydi.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.