Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Birovning muammosini hal etsak, unga yordam berayotgandek tuyulamiz. Haqiqatda esa uning qiyinchiliklarini kuchaytiramiz

Sankt-Peterburglik iste’dodli ruhshunos va biznes-trener Natalya Greys o‘zining “Greys qonunlari” kitobida oz bo‘lsa-da, aqlli va hushyor bo‘lishga yordam beradigan bir qator qonuniyliklarni ifodaladi.
Quyida ulardan bir-nechtasini e’tiboringizga havola qilamiz. Ehtimol, ulardan foydalanib, biror bir og‘iringiz yengil bo‘lsa, ajabmas.

Nollanish qonuni
Miya nolifikatsiyaga muhtoj. Ishdan keyin uyingizga charchoq holda kelib, bugunga mo‘ljallangan yigirmata ishingizdan 14 tasini bajarib, qolgan oltitasi qolib ketgan bo‘lsa, o‘tirib olib bo‘shliqqa tikilgan holda samarasizligingiz uchun o‘zingizni ayblamang. Axir miya buyurtmalaringizni uzluksiz bajara olmaydi. U kun bo‘yi siz tashlagan “uvada-chuvada”larni saranjom qilib, o‘zi bilan ham shug‘ullanishi kerak-da. Chetdan kelayotgan har xil ma’lumot unga umuman kerak emas. Shu payt u o‘zini “tozalayotgan” bo‘ladi. Shuning o‘zi nollanishdir. Hatto agar har yetti yilda bir marta dam berishmasa, tuproq ham o‘zining unumdorligini yo‘qotar ekan. Yashasin nollanish!

Soxta yaxshilik qonuni
Birovning muammosini hal etsak, unga yordam berayotgandek tuyuladi. Haqiqatda esa unga qiyinchiliklarini kuchaytirgan bo‘lamiz. Agar biror bir ichuvchini zo‘rlik bilan davolanish uchun shifoxonaga olib borsak, uning azobi kuchayadi, biz esa o‘z vaqtimizni yo‘qotamiz. U odam yana ichib qo‘ysa, biz uni noshukurlikda ayblaymiz. Yordam berish yaxshi, albatta. Lekin har bir kishi avvalo o‘zining kamchiligini tushunib olishi kerak. Shundagina u o‘zining muammolarini o‘zi hal qilishga qodir bo‘ladi.

Mayda-chuydalar muhimligi qonuni
Inson mayda-chuyda narsalarga qanday munosabat qilishi orqali o‘zini namoyon qiladi. U bir yilda bir marta shohlarcha saxiy bo‘lishi mumkin, faqat bir martagina. Qitmir inson esa mayda-chuydalarga o‘ralib yuraveradi. Shuning uchun kichkina narsalar uni oshkor qiladi.

Kurtaklanish qonuni
Har bir voqea va hodisaning kurtaklanish hollari bo‘ladi. Bu kurtaklar tirik bo‘lmasa-da, ular ko‘payish qobiliyatiga ega. Bitta yuvilmagan kosa o‘zidan keyin bir muncha yuvilmagan idishlarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Kurtaklanish qonunidan qanday foydalansa bo‘lar ekan? Barcha salbiy voqea va hodislarning qiyinchilikka olib kelmasligi uchun boshlanishida fahmlab olish kerak. Har qanday noxushlik embrionlik paytida yo‘q qilinishi muhim. Qor to‘pini to‘xtatishdan ko‘ra, qor parchasini eritish ancha oson.

Shakarning ozi yaxshi
Bu umuman hamma narsaga tegishli bo‘lgan qonun. Masalan, so‘z olganingizda uni odamlar zerikmasidan oldin tugatish kerak. Gyote bu borada “Zerikishning siri - hamma narsaning aytilishidadir” deb aytgan. Mehmondorchilikdan boshqalar zerikishni boshlagunga qadar chiqib ketgan ma’qulroq. Esingizda bo‘lsin: shakarning ham, tuzning ham ozi yaxshi.

Umumiy arava qonuni
Bir aravadagi ikkita ot 15 tonnani joyidan qo‘zg‘atishga qodir. Agar ular alohida bo‘lsa, 3 tonnadan ortiq yukni ko‘tara olmas ekan. Maslahatli ishlarni boshlasangiz ikki kishidan ko‘proq odam kerak bo‘ladi. Bekorga aytilmagan “Maslahatli osh tatiydi” deb. Uch marta o‘ralgan ip esa tezda uzilmaydi.

Iqtidorga qarshi ta’sirlanish qonuni
Iqtidorli odamlar har doim qarshi ta’sirlanishni o‘ziga tortadi. Bular, tahsin yoki nafrat. Ular befarqlik bilan qabul qilinmaydi, e’tiborsiz qolmaydi, kimdir ularni yaxshi ko‘radi, boshqasi esa ko‘rolmaydi. Ularni esdan chiqarish qiyin, ularga hasad qilishadi. Mabodo siz iqtidorli bo‘lsangiz, ommaning maqtovlariga ishonmang. Iste’dod sohibi bo‘lganingizning o‘zi ham dushmanlarning ortishiga asos bo‘la oladi.

Umumiy xotiralar qonuni
Aksariyat odamlarni voqealar va birga o‘tkazgan kechinmalar xotirasi birlashtiradi. Umumiy xotirada bog‘lanishlik, do‘stlik va muhabbat tuyg‘ulari bosqichma-bosqich va davomiylik asosida shakllanadi. Shu tariqa xotira odamlarni bog‘laydi. Agar siz odamlarning xotirasida yaxshi inson sifatida qolishni istasangiz, faqat yaxshi ishlar bilan qoling.

Atrofdagilarga fikr bog‘lash qonuni
Garchi, biz u bilan hech qiziqmasak-da, yaqin atrofdagi odam bizni o‘zi haqida o‘ylashga majbur qiladi. Befoyda odamlarning soxta yaqinligi, xafvliligi ham shunda.

Ta’sir etish qonuni
Atrof-muhit insonning shakllanishiga ta’sir qiladi. Meditsinada me’yor ta’siri degan tushuncha bor. Hayotda kimdir ozg‘in, kimdir to‘laroq bo‘lishi mumkin. Hatto semizgina bo‘lib turib ham yoqimtoy va kelishgan odam bo‘lish yoki xunuk, ko‘rimsiz bo‘lib yurish mumkin. Bu me’yor ta’siri natijasida ro‘y beradigan hol. Bir muhitda u rivojlanadi, boshqasida esa qoloqlashib boraveradi. Atrof-muhitimiz bizga ko‘proq o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Yonimizdagilarga qarab ularga aylanib qolamiz, ularni esa o‘zimiz kabi o‘zgartira olishimiz juda kam hollarda ro‘y beradi.

To‘g‘ri harakatlar qonuni
Hayot kamchiliklari bilan qiziq. Inson o‘ziga yaxshi sharoit yaratib, mukammallikka intiladi. Biror bir ishda katta yutuqlarga erishsa, boshqasida kamchilik sezilib turadi. Odamzod yomonliklarning yo‘qligi uchun emas, yaxshi fazilatlarining borligi bilan qadrli. Shuning uchun agar qaysi bir sharoit bo‘lishidan qat’iy nazar to‘g‘ri ish tutsa, uning ishlari kundan-kunga yaxshilanib, rivojlanib boraveradi.

Bahora MUHAMMADIYeVA tayyorladi.