Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Biznes-Ombudsman: Fermer xo‘jaliklariga tegishli bo‘lgan yer maydonlari qaytarib olib berildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 26 avgustdagi «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini berish hamda arxitektura-qurilish ishlarini amalga oshirish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 dekabrdagi  “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun bo‘sh turgan yer uchastkalarini berish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga asosan tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali doimiy foydalanishga berish tartibi belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga «YERELEKTRON» avtomatlashtirilgan axborot tizimida aniq investitsiya majburiyatlari bilan birga yer uchastkasi va rejalashtirilayotgan qurilish ob’yekti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keyinchalik ularni elektron onlayn-auksionga qo‘yish masalasini belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun joylashtirish bo‘yicha takliflar kiritish huquqi berildi.

Qabul qilingan yangi normativ hujjatga asosan:

- jismoniy va yuridik shaxslar aniq investitsiya majburiyatlari bilan birga yer uchastkasi va rejalashtirilayotgan qurilish ob’yekti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirish yuzasidan takliflar kiritish uchun «YERELEKTRON» AATda bepul ro‘yxatdan o‘tishlari;

- O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi» davlat unitar korxonasi «E-IJRO AUKSION» savdo maydonchasida elektron onlayn-auksionni tashkil etish va o‘tkazish operatori hisoblanishi;

- yer uchastkasini tanlash materiallarini tayyorlash, kelishish va xulosalarni olish vakolatli organlar tomonidan faqat «YERELEKTRON» AAT orqali elektron shaklda amalga oshirilishi;

- «E-IJRO AUKSION» savdo maydonchasida yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqi elektron onlayn-auksionda «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi» davlat unitar korxonasi tomonidan realizatsiya qilinishi belgilab berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining hududiy bo‘linmalariga, hududlarni rivojlantirish rejalari va qurilish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida yer uchastkasida qurilishga ruxsat berilgan yoki taqiqlangan ob’yektlar turi aniqlanishi, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilishi, yer uchastkasida qurilishiga ruxsat etilgan yoki taqiqlangan ob’yektlar turining tegishli hududlari va inshootlaridan rejim asosida foydalanish va ularni ekspluatatsiya qilish, yong‘in xavfsizligi va yo‘l harakati xavfsizligi talablariga muvofiqligini tekshirish, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarigacha bo‘lgan masofa to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirishni ta’minlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanuvchi tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining hududiy bo‘linmalaridan so‘rov kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida ularga muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlarni tayyorlab, elektron shaklda yuborishi shartligi belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Navoiy viloyatida faoliyat yurituvchi xodimlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash va ularni ijobiy hal etishga, davlat organlari faoliyatida tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlashga va tadbirkorlar faoliyatida tekshirish amalga oshirilayotgan jarayonda ularni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda.

Vakil devonining Navoiy viloyati xodimlari tomonidan o‘rganilgan murojaatlarning 25 foizi yerga oid huquqiy munosabatlarga, murojaatlarning 20 foizi moliya va soliq masalalariga, 17 foizi esa bank va kredit masalalariga taalluqli ekanligi ko‘rindi. Murojaatlarning ijobiy hal qilinishi uchun barcha zarur amaliy choralar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, Karmana tumani hokimining 2019 yil 23 oktyabrdagi Q-1613-sonli qaroriga asosan tumandagi “Karmana Asqar” fermer xo‘jaligi hamda “KARMANA ZAFAR BARAKA” fermer xo‘jaligiga uzoq muddatli ijaraga berilgan yer maydoni amaldagi me’yoriy xujjatlarga zid ravishda, tadbirkorlarning roziligi yoki sudning qarori bo‘lmasdan turib olib qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili tomonidan “Karmana Zafar Baraka” hamda “Karmana Asqar” fermer xo‘jaliklarining manfaatlarini ko‘zlab, tuman ma’muriy sudiga kiritilgan da’vo arizalari natijasida fermer xo‘jaliklariga tegishli bo‘lgan yer maydonlari qaytarib olib berildi.

Komil KULIYeV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Navoiy viloyatida faoliyat yurituvchi yetakchi inspektori.