Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Kattaqo‘rg‘on” poligonida artilleriya snaryadi sinovdan o‘tkazildi (video)

Markaziy harbiy okrugga qarashli, O‘zbekistondagi birinchi raqamli “Kattaqo‘rg‘on” poligonida Xitoy Xalq Respublikasi bilan tinchlik yo‘lidagi xalqaro harbiy hamkorlik doirasida xarid qilingan artilleriya snaryadi sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mudofaa vazirligi va Markaziy harbiy okrug rahbariyati hamda artilleriya bo‘linmalari tomonidan 122 mm. va 152 mm.li “PL66-1” markali, tasnifiga ko‘ra, oskolkali fugasli snaryad qo‘llanilgan. D-20 va D-30 artilleriya qurollaridan 20 donadan otilgan snaryadning kelgusida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tarkibidagi artilleriya bo‘linmalari qurollari uchun o‘q-dori sifatida qo‘llash samaradorligi tekshirildi.

Birinchi marotaba Mudofaa vazirining tashabbusi bilan “Men g‘olib” shiori ostida o‘tkazilayotgan 12 mutaxassislik bo‘yicha musobaqaning 7 yo‘nalishi aynan artilleriya bo‘linmalariga tegishli. Hozirgi kunda artilleriya bo‘linmalarini yangi turdagi qurol-aslaha va o‘q-dorilar bilan ta’minlash choralari ko‘rilyapti.

Shuningdek, artilleriya mutaxassisligi bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlashda ustoz-shogird an’analari joriy qilinib, nazariy bilim va amaliy ko‘nikmani oshirishda har bir dala o‘quv maydonida namunali “Eng ilg‘or artilleriya mutaxassisi yo‘lagi” barpo etildi.

Kecha, 29 iyul kuni Mudofaa vazirligi miqyosida o‘tkazilgan videoselektorda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Aybek Saidov tomonidan O‘zbekistonda yagona artilleriya va aviatsiya mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan “Kattaqo‘rg‘on” poligonidagi sinov natijalari hamda mutaxassisliklar bo‘yicha musobaqaning okrug bosqichi yakunlari haqidagi ma’ruzasi tinglandi.