Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kattaqo‘rg‘onda Mudofaa vazirligi tizimidagi eng katta poligon qurilmoqda (foto)

Markaziy harbiy okrugidagi «Kattaqo‘rg‘on» poligonida Samarqand viloyati harbiy-ma’muriy sektori bilan hamkorlikda hududi va salmog‘i jihatidan O‘zbekistondagi birinchi raqamli harbiy poligon barpo etilyapti.

Kattaqo‘rg‘on shahridan 200 km uzoqlikdagi poligonda olib borilayotgan qurilish ishlari joriy yilning 25 may kunidan boshlanib, shu vaqtga qadar 13 mlrd. so‘m mablag‘ sarflangan. Yana shuncha mablag‘ hisobidan poligon hududida 16 ta harbiy va ijtimoiy ob’yektlarda kapital ta’mirlash hamda 4 ta yangi binoni jihozlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga 1200 nafar harbiy xizmatchi uchun yotoqxona barpo etilgan.

Jangovar texnikalar parkida 150 dan ziyod harbiy texnikalar uchun ochiq maydon hamda yopiq binolar barpo etilmoqda.

Poligonning katta qismi harbiy-ma’muriy sektor yordamida, 40 ga yaqin o‘quv nuqtalari esa harbiy xizmatchilarning mashg‘ulotlaridan bo‘sh vaqtlarda bunyod etilmoqda. Eski poligondan farqli tomoni bir vaqtning o‘zida barcha mutaxassisliklar hamda qo‘shin turlari bir-biriga xalaqit qilmay o‘z istehkomlaridan mashg‘ulotlarga kirishadi.

Bundan tashqari, dala maydonida real jang manzarasini gavdalantirish maqsadida aviatsiya zarbalari uchun harbiy hisobdan chiqarilgan 18 ta tank va texnikalar, shuningdek, artilleriya bo‘linmalar uchun maxsus nishonlar qo‘yilgan. Jangovar texnikalardan otish yo‘nalishlarida zamonaviy jang taktikasidan kelib chiqib, qisqa soniyalarda manyovr qo‘llash ob’yektlari qurilyapti. Barcha kuch-vositalarini boshqarish, hamkorlikdagi harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 3 qavatdan iborat qo‘mondonlik kuzatuv minorasi barpo etilmoqda.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, kelgusida O‘zbekiston mezbonlik qiladigan Xalqaro musobaqalarni ba’zilari ham aynan mana shu poligonda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.