Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mototsiklni olib qochib, ehtiyot qismlarga ajratib tashlagan shaxs ushlandi

Joriy yilning 8 iyundan 9 iyunga o‘tar kechasi taxminan soat 01:00 da 31 yoshli F.M. 19 yoshli O.B. boshqaruvida bo‘lgan “Minsk MMVZ-3112” rusumli mototsiklni Qorako‘l tumani Xo‘jalar ko‘chasida joylashgan savdo do‘koni oldidagi quduq yonida vaqtincha qoldirib ketganidan foydalanib, yashirin ravishda olib qochadi.

Mototsiklni Qorako‘l tumani Hunarmandlar ko‘chasida joylashgan yashash uyiga olib borib, yashirib qo‘yib, jinoiy harakatlarini yashirish hamda kelgusida ushbu transport vositasini sotish maqsadida to‘liq ehtiyot qismlarga ajratib, bo‘yoqlarini o‘chirib tashlaganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan F.M.ga nisbatan Qorako‘l tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi 267-moddasi 2-qismi “g” bandi (transport vositasini talon-toroj qilish maqsadida o‘g‘irlik yo‘li bilan olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov jarayonida olib qochilgan mototsikl to‘liq ehtiyot qismlarga ajratilgan holatda F.M.ning uyidan ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan va uning o‘zi jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.

IIV huzuridagi Tergov departamentining xabar berishicha, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.