Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mustaqillik, ta’lim, islohotlar va muvaffaqiyat sari

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligi oldidan

Mustaqillik – bu oddiy so‘z emas. Erksizlikda yashagan, hatto, fikrlashga ham qo‘rqadigan mamlakat xalqi shunday ulug‘ kunni ko‘rsagina uni his qila oladi, zavqini tuya biladi. Men ham bu tuyg‘uni nimaligini boshidan kechirgan, bir paytlar erkin nafas olishni orzu qilgan insonlardan biriman... 

Bundan 30 yil ilgari shu yurt xalqi bugungi xotirjamlikni his qilmagan. Ayni paytdagi imkoniyatlar, yangilanishlar, madaniy yuksalishga bo‘lgan harakatlar uyoqda tursin, hatto, gapiradigan gapimiz, ertamiz uchun qilishimiz kerak bo‘lgan ijodimizdayam taqiqlar kuzatilardi.

Bugun boshqacha!  

Keyingi paytlarda ta’lim tizimini tubdan qayta qurish, yangilash borasida katta ishlar boshlab yuborildi. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimida boshlangan islohotlarni amalga oshirish va ma’lum ijobiy natijalarga tezroq erishish yo‘lida katta ishlar olib borilmoqda. Biroq bunga erishish oson bo‘lmaydi. Negaki, sohada paydo bo‘lgan va nafaqat mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi, umuman ta’lim tizimi taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan qator muammolar uzoq yillar davomida chuqur ildiz otgan.

Prezidentimiz muammolar yechimi bo‘yicha bir qancha muhim omillar va yo‘llarni ko‘rsatib berdi. Chunonchi, ta’lim-tarbiyaning boshi va asosi oiladan boshlanishini, bog‘cha va maktabda davom ettirilishini juda to‘g‘ri asosladi, amalda katta va dadil qadamlarni tashladi. Masalan, maktabgacha ta’lim vazirligi va Prezident maktablarining tashkil etilishi, fanlar bo‘yicha mamlakatimiz hamda dunyo miqyosida o‘tkaziladigan olimpiadalarga va butun jamiyatimizni kitobxonlikka jalb etishga doir qarorlarning qabul qilinishi fikrimiz dalilidir.

Dunyoda yuz berayotgan ijtimoiy, iqtisodiy va texnik taraqqiyot hamda ota-bobolarimizning asriy orzusi bo‘lgan mustaqillikka erishgan yurtimizda yangicha fikrlash, yangicha harakat va ijod qilish, yashash sari yuz tutayotgan xalqimiz turmush tarzidagi bugungi keskin talab va ehtiyojlar ham bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini, imkon qadar tezkorlikni taqozo etadi. Shu bois, o‘tgan o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarining avvalgi yillarga nisbatan bir necha barobarga ko‘paytirilishi, kirish imtihonlari bo‘yicha test savollari va sinovlarining soddalashtirilishi, abituriyentlarning test topshirish jarayoni shaffoflik, xolislik, tashqi aralashuvlarsiz, adolatli tarzda o‘tkazilishi ham xalqimizning ta’lim rivojiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirdi. Quvonarlisi, bu yil abituriyentlar o‘ziga qulay bo‘lgan joydan xohlagan uch oliy ta’lim muassasasiga ariza topshirish, istalgan viloyatda kirish imtihonlarida qatnashish kabi qulay imkoniyatga ega bo‘ldi. Bu esa mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida boshlangan islohotlarning debochasi, xolos. 

Sobiq sho‘rolar davrida yurtimizda uchta universitet, o‘ttiztacha institut faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun oliy ta’lim muassasalarining soni 90 ta, chet mamlakatlarning nufuzli oliy o‘quv yurtlari filiallari ham 20 tadan ortdi.  Ochig‘ini aytish kerakki, keyingi ikki-uch yil ichida oliy ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotganlarning ham peshonasiga oftob, yelkasiga shamol tegdi. Pedagogik faoliyatga salbiy ta’sir etayotgan to‘siqlar olib tashlandi, oylik maoshlar oshirilyapti, ortiqcha qog‘ozbozlik, majlisbozlik, hasharbozligu xo‘ja ko‘rsin uchun qilinadigan ishlarga barham berilyapti.

Erkinmiz!

Ha, bugun biz erkinmiz! Ammo qaysidir ma’noda o‘zimiz ta’limning rivojlanishiga to‘siq bo‘layotganimizni tan olishimiz kerak. Negaki, ko‘pchiligimiz bog‘cha, maktab, litsey va kollejlarga tarbiyalanuvchi, ta’lim oluvchilarni qamrab olishda qing‘irliklarga yo‘l qo‘yayapmiz. Bunda bevosita muassasalarning nafsi hakalak otgan rahbarlari bilan bir qatorda, farzandlarini o‘sha yerga olib kelayotgan ota-onalarning ham aybi bor. Agar ular bu sohadagi korrupsiyaga barham berishda faol va Prezidentimiz tarafida bo‘lganida edi ko‘p ishlar ancha samarali kechardi.

Xullas, mamlakat hayotida boshlangan islohotlarning natijadorligini ta’minlash hammamizning sa’y-harakatimizga bog‘liqligini unutmasligimiz kerak. Og‘ir bo‘lsa-da, ortga bir nazar tashlaylik – erksizlik, qaramlik, ojizlik. To‘g‘ri, mustaqilligimiz abadiy bo‘lishini ich-ichimizdan tushunamiz, ammo ma’nan zaiflashib qolishdan og‘iri yo‘q. Shunga yo‘l bermaylik.

Mardon Boltayev,

Samarqand davlat universiteti dotsenti.