Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘qituvchilarning oylik maoshi kechikkanligi uchun “Agrobank” aybdor emas

Xabaringiz bor, 10 dekabr kuni saytimiz orqali “O‘qituvchining maoshi nega kechikdi?” sarlavhali xabar e’lon qilingandi.

Shundan so‘ng ayrim fuqarolarimizda tushunmovchilik holati kuzatildi, savollar tug‘ildi. Ya’ni, o‘qituvchining maoshi nega kechikdi? Holat yuzasidan ATB “Agrobank” Jomboy tumani filiali munosabat bildirdi:

Jomboy tumani g‘aznachilik bo‘limi tomonidan umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining noyabr oyi ish haqlari 2019 yilning 10 dekabr kuni soat 11:00 da “Agrobank”ning Jomboy filialiga tegishli hisob raqamlarga o‘tkazilgan. Tuman xalq ta’limi bo‘limi tizimidagi maktablarga xizmat ko‘rsatuvchi hisobchilar tomonidan o‘qituvchilarning ish haqlari to‘g‘risidagi ro‘yxati (reyestri) UzASBO tizimi orqali shu kuni soat 17:00 da jo‘natilgan. Shundan so‘ng bank filiali mas’ul xodimlari tomonidan qabul qilingan elektron ma’lumotlar fayli 10 dekabr soat 17:00 dan soat 19:00 gacha barcha o‘qituvchilarning UZCARD plastik kartalariga kirim qilib berilgan.

Xabar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, “Odatda o‘qituvchilarning oyligi ertaroq berilardi, nega kechikdi, buning uchun “Agrobank” aybdormi”, degan e’tirozlar bo‘ldi.

Vaholanki, elektron ma’lumotlar bankimiz tomonidan qabul qilingandan so‘ng 2 soat oralig‘ida o‘qituvchilarning plastik kartalariga oylik maoshlari o‘tkazib berildi. Buning uchun bank aybdor, degan xulosaga bormasliklaringizni so‘raymiz.

Ozod O‘SAROV,

ATB “Agrobank” Jomboy tumani filiali boshqaruvchisi.